Munosabat: Avtobus va yo`nalishsiz taksi haydovchilarining qoidabuzarligi yuzasidan

13.10.2021

Ijtimoiy tarmoqlarga vaqti-vaqti bilan jamoat transporti haqida muammoli murojaatlar joylanmoqda. Vaqtli matbuotda tanqidiy fikrlar chop etilmoqda. Shunday tanqidiy fikrlardan biri 2021-yil 13-oktabr kuni feysbuk tarmog‘idagi Новости Самарканда kanalida hamda Samarkand&Самаркандцы telegram guruhida Aziz Umarov muallifligida joylashtirildi. Muallifning fikriga ko‘ra, avtomobil yo‘llarida eng ko‘p qoidabuzarlar bu avtobus va yo‘nalishsiz taksi (sariq) haydovchilaridir.

Ushbu murojaatga fikr bildirganlarning aksariyati muallifni qo‘llab-quvvatlash bilan birgalikda o‘z qarashlarini ham bayon qilgan. To‘g‘ri, jamoat transportida muammolar ko‘p. Ayniqsa, haydovchilarning o‘ziga yuklatilgan mas’uliyatni his qilmasligi, ko‘proq pul ishlashga bo‘lgan urinishlari oqibatida kelib chiqayotgan muammolar talaygina. Buni tan olmaslik mumkin emas. Biroq bu bilan soha o‘z holiga tashlab qo‘yilgan degan fikrdan yiroqmiz. Chunki tashuvlarda sifat darajasini oshirish yuzasidan doimiy ravishda nazorat tadbirlari olib borilayotganligi fikrimiz isbotidir. Ayniqsa, viloyat transporti boshqarmasi hamda IIB YHXB tomonidan olib borilayotgan reyd jarayonlarida, tashuvchi korxonalarda haydovchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan profilaktik suhbatlar chog‘ida doimiy ravishda haydovchilik madaniyatiga qattiq rioya qilishlari shart va zarur ekanligi haqida ta’kidlanadi. Chunki yo‘lovchi tashish o‘ta mas’uliyatli kasbdir. Bunda haydovchi nafaqat o‘zining, balki yo‘lovchilarning hayotiga ham javobgar hisoblanadi. Samarqand shahrida birgina oktabr oyida bugungi 14 sanasiga qadar 10 marotaba qo‘shma reydlar o‘tkazilib, yo‘l harakati qoidalari hamda yo‘lovchi tashish tartibini buzgan haydovchilarga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Shu o‘rinda tanganing ikkinchi tomonini ham hisobga olmasdan iloj yo‘q. Aytingchi, yo‘llarda qoidabuzarlik faqatgina yo‘lovchi tashish soha vakillari tomonidan amalga oshirilayaptimi? Albatta, yo‘q. Misol uchun svetorning qizil chirog‘iga bo‘ysinmasdan harakatlanish, qo‘vib o‘tish qoidalarini buzish barcha yo‘l transport harakati ishtirokchilarida bor. Piyodaga yo‘l bermasdan harakatlanish. Yoki bo‘lmasa avtomobil yo‘lidan avtoturargoh sifatida foydalanish. Sanasak adog‘i yo‘qdek.

Eng achinarlisi, bekatlarda qoldirilgan avtotransport vositalidir! Xohlagan haydovchi bekat atrofida shaxsiy avtomobilini birrovga qoldirib, o‘z ishlari bilan shug‘ullanishi mumkin. Buning natijasida avtobuslar katta yo‘lning o‘rtasida to‘xtashga majbur. Fikrimizga qo‘shilmasangiz Buyuk ipak yo‘li, Spitamen shoh ko‘chasi va boshqa ko‘chalarga bir nazar tashlang. Albatta, bu fikrimiz ko‘pchilikka ma’qul kelmas, ammo bu haqiqat!

Hurmatli yo‘l transport harakati ishtirokchilari! Keling, aybni o‘zgadan izlagandan ko‘ra, birinchi navbatda o‘zimizga savol beraylik. Tartib-qoidaga rioya qilishni o‘zimizdan boshlaylik. Yuksak haydovchilik madaniyatiga rioya qilib, yo‘llardagi qoidabuzarlikka chek qo‘ysak, barchamizga birdek ma’qul bo‘ladi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati