Munosabat: Аvtobusdan foydalanish darajasi pastligi sabab yo‘nalishdagi transport vositalari o‘z sarf-xarajatlarini qoplamasdan kelgan

“Oqdaryo ovozi” gazetasining 2023-yil 30-yanvardagi 3 raqamli sonida “Oqdaryoga qachon avtobus qatnaydi?” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola chop etildi. Unda tumandagi mahallalarni viloyat markazi bilan bog‘lovchi hamda ichki yo‘nalishlarda yo‘l kira narxlarini keskin darajada oshganligi, shuningdek, avtobuslar harakati to‘xtatilganligi tanqid ostiga olingan.
Haqiqatan ham keyingi kunlarda yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilarda yo‘l kira narxlarining ko‘tarilishi kuzatildi. Bunga Energetika vazirligining aholiga tabiiy gaz yetkazib berish maqsadida AGTKSHlarga kiritgan cheklovlari natijasida avtomobillarning benzin yoqilg‘isiga o‘tganligini sabab qilib ko‘rsatish mumkin.
Viloyat transport boshqarmasi xodimlari tomonidan yo‘l kira narxlarini tender shartnomasida belgilangan narxda saqlab qolish maqsadida joylarda tadbirkorlik sub’ektlari hamda haydovchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Shunga qaramasdan yoqilg‘i taqchilligi ortidan narxlarda tafovutlar kelib chiqdi. AGTKSHlar o‘z faoliyatini bosqichma-bosqich tiklashi natijasida yo‘l kira narxlari ham belgilangan tarifga qaytadi.
Oqdaryo tumanida avtobuslar harakati borasida ham to‘xtalib o‘tsak. Maqolada qayd etilganidek, tumanni viloyat markazi bilan bog‘lovchi yo‘nalishda avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq, yo‘lovchilar oqimi kamligi, avtobusdan foydalanish darajasi pastligi sabab yo‘nalishdagi transport vositalari o‘z sarf-xarajatlarini qoplamasdan kelgan. Natijada, avtobuslar harakati tadbirkorlik sub’ekti tomonidan to‘xtatilgan.
Jumladan, Oqdaryo tumanida jami sakkizta yo‘nalish mavjud bo‘lib, shundan uchtasi avtobus, beshtasi yo‘nalishli taksi yo‘nalishidir. Ushbu yo‘nalishlarda “Oqdaryo avto yo‘lovchi trans” va “Amirxon trans” MCHJlarga qarashli transport vositalari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishi belgilangan.
“Oqdaryo avto yo‘lovchi trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli avtotransport vositalari 296-raqamli “Gavband qishlog‘i-Primkent mahallasi-Loyish shaharchasi” yo‘nalishida 2018-yildan 2020-yilgacha tashuvlarni amalga oshirib kelgan. Biroq, 2020-yil pandemiya davrida avtobuslar harakati to‘liq to‘xtatilgan davrda korxona kredit foizlarini qoplash maqsadida avtobuslarni sotib yuborgan.
Shuningdek, 2018-yildan 2020-yilgacha tashuvlarni amalga oshirgan 433-raqamli “Qorateri qishlog‘i - Loyish shaharchasi” avtobus yo‘nalishidagi transport vositalari ham o‘z sarf-xarajatlarini qoplmaganligi uchun tadbirkorlik sub’ekti tomonidan to‘xtatligan.
2015-yildan 2020-yilgacha 443-raqamli “Sug‘onchi qishlog‘i - Loyish shaharchasi - Shohi Zinda ABB” yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari ham tashuvchi korxona tomonidan sotib yuborilgan.
Tumanda aholiga transport xizmatini ko‘rsatuvchi avtobus va mikroavtobuslar harakatini qayta tashkil maqsadida joriy yilning 12 va 18-yanvar kunlari yo‘nalishlar tenderga qayta qo‘yilgan.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati