Munosabat: Haydovchiga chora ko‘rildi

20.07.2022

 Joriy yilning 18-iyul kuni Samarkand & Самаркандцы telegram guruhida 12-raqamli “Hazora ABB - M-39 Beton halqa yo‘li” yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobus haydovchisining yo‘lovchilarni manziliga yetkazmaganligi to‘g‘risida murojaat qilingan edi.

 Ushbu holat viloyat transport boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Unga ko‘ra, 12-raqamli Hazora ABB - M-39 Beton halqa yo‘li” yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobus “Hamkortrans” MCHJga tegishli. Haqiqatan ham 18-iyul kuni yo‘nalish sxemasi oxirigacha bajarilmagan.

 Masalaga yanada aniqlik kiritish maqsadida A. ismli murojaat muallifi bilan ham suhbatlashildi.

 Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, Siyob bozori hududida holatga sababchi bo‘lgan haydovchi T.O‘. yo‘nalish sxemasini buzgan, ya’ni so‘ngi bekatgacha bormagan. Manzili Siyob ABB hududidigacha bo‘lgan yo‘lovchilarni 64-raqamli “Sattepo maskani - Siyob ABB” yo‘nalishidagi avtobus orqali yetib olishlarini ta’minlagan. M-39 beton halqa yo‘ligacha boruvchi yo‘lovchilarga olingan yo‘l kira haqini qaytarib bergan.

 Haydovchi ham o‘z so‘zida yuqoridagi fikrlarni tasdiqladi.

 Haydovchining o‘zboshimchalik bilan ish tutishi qayta takrorlanmasligi uchun “Hamkortrans” MCHJ rahabariyati tomonidan T.O‘.ga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

 “Hamkortrans” MCHJ rahabariyatining ma’lum qilishicha, haydovchi 10 kun davomida avtobus boshqaruvidan chetlatilib, avtosaroydagi boshqa ishlarga jalb qilingan.

 Hurmatli yo‘lovchilar! Jamoat transporti bilan har qanday muammoga uchrasangiz boshqarmaning (66)233 - 31 - 38 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qiling yoki (93) 834 - 01-10 raqamidagi (matbuot kotibi) telegramga asoslantiruvchi dalilar bilan murojaat yo‘llang.

 Har bir murojaat belgilangan tartida o‘rganib chiqiladi.

 Samarqand viloyat transport boshqarmasi Axborot xizmati