Munosabat: Haydovchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi

21.12.2021

Joriy yilning 21-dekabr kuni Samarkand&Samarkandsi telegram kanalida avtobuslarning yo‘lovchi tashish qoidalarini buzganligi yuzasidan audioxabar joylashtirildi. Holat yuzasidan viloyat transport boshqarmasi xodimlari “Azim logistik tex servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib holat yuzasidan o‘rganirsh ishlari olib borishdi.

Aniqlanishicha, 44-raqamli “Sattepo massivi – Siyob ABB” shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi, davlat raqami 30/354 EBA bo‘lgan avtobus haydovchisi X.K. ko‘proq yo‘lovchi olish maqsadida parallel yo‘nalishdagi 51-raqamli “Sattepo massivi - Samarqand ABB “ shahar avtobus yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi, davlat raqami 30/480 FBA bo‘lgan avtotransport vositasi bilan kimo‘zarga haydagan.

Shu bilan birgalikda, mazkur avtobusda noqonuniy ravishda konduktorlik vazifasini bajargan Sh. tezlikni oshirmaslikni talab qilgan yo‘lovchiga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi inspektorlari avtokorxonada bo‘lib o‘tgan muhokamada haydovchi X.K va konduktor Sh.ga alohida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borishdi. Shuningdek, barcha haydovchilarga bu kabi qoidabuzarlik oqibatida avtohalokat sodir bo‘lishi muqarrarligini, birgina o‘ylanmasdan qilingan harakat og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aytib o‘tishdi. Jamoat transport  haydovchisi nafaqat o‘zining, balki yo‘lovchilar hayotiga javobgarligi ta’kidlandi.

P.S. Viloyat transport boshqarmasi nafaqat jamoat transporti haydovchilaridan, balki barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan avtotransport vositasini boshqarayotganda qoidalarga so‘zsiz rioya qilishlarini so‘rab qoladi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati