Munosabat: hudud jamoat transporti qatnovi bilan qamrab olinadi

#Munosabat
Joriy yilning 25-avgust sanasida Facebook tarmog‘ida fuqaro Bahodir Rahmatullayev tomonidan “Самарканд шахар Сузангарон кучасидан Регистон кучаси томонига ва аксинча Регистон кучасидан Сузангарон кучаси томонга қатнайдиган бирорта ҳам автобус йуналиши йуқ. Аҳоли , яъне ёш болалар , кексалар , беморлар Сузангарон кучасидан Регистон еки Университет хиебонигача аввал пиёда еки таксида чиқиб , кейин шаҳарнинг бошқа жойларига бориш учун автобусга чиқадилар. Қанча вақт ва маблағ бекорга сарф булаяпти?” (murojaat tahrirsiz) deb murojaat qoldirilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan Samarqand viloyati transport boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Xabaringiz bor, Samarqand shahar transport infratuzilmasini rivojlantirish, aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda “Simetra” xorijiy korxonasi tomonidan yangi transport Bosh rejasi ishlab chiqildi. Mazkur transport Bosh rejasida shahar miqyosidagi barcha mahallalardagi aholi soni, hududlardagi yo‘lovchi oqimi etiborga olingan. Hozirda ushbu loyihani amalga oshirish jarayoni boshlab yuborilgan.
Samarqand shahar, So‘zangaron ko‘chasi bir tomonda Registon, boshqa tomondan Andijon ko‘chasi bilan tutash. So‘zangaron ko‘chasining umumiy uzunligi 900 metr.
Transport Bosh rejasiga ko‘ra, Samarqand shahar, So‘zangaron ko‘chasiga tutash bo‘lgan Registon ko‘chasidan 3, 74, M3 (aholi xizmatida), M6-raqamli (rejalashtirilgan), Andijon ko‘chasida 134, 180-raqamli (rejalashtirilgan, rasmga qarang) yo‘nalishlarda avtobuslar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishi belgilangan. Shuningdek, Umar Xayyom nomli ko‘cha bo‘ylab 36, 55a, 55-raqamli avtobuslar qatnovini tashkil qilish kuzda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda (M6, 36, 55a, 55) avtobuslar harakati bosqichma bosqich tashkil etiladi.