Munosabat: Jamoat transportida tartib bo‘ladi

26.10.2022

#Munosabat

 

“Ishonch” gazetasining 2022-yil 22-oktabrdagi 129-sonida “Umr zavoliga aylangan janjal?” sarlavhasi ostida Nurilla Shamsiyevning Samarqand shahar jamoat transportiga oid tanqidiy fikrlari chop etildi.

 

Avvalombor, jamoat transportidagi muammolarga befarq bo‘lmaganligi uchun muallifga minnatdorlik bildirmoqchimiz.

 

Boshqarma tomonidan tashuv faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning litsenziya talab va shartlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Tashuv korxonalarida faoliyat yuritayotgan haydovchilarning namunali xizmat ko‘rsatishi, ish faoliyati davomida odob-ahloq me’yorlariga amal qilib, yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya etgan holda ishlashi yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Har kun erta tongda yo‘nalishga chiqishdan oldin yo‘riqnomalar o‘tkazilmoqda. Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek sohada maqolada ko‘rsatib o‘tilgani kabi salbiy holatlar uchrab turibdi. Bunday salbiy holatlarning yuzaga kelganidan viloyat transport boshqarmasi ham afsusda.

 

Kezi kelganda sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tsak, Samarqandda yo‘lovchi tashish sohasini rivojlantirish, uning jozibadorligini oshirish, aholiga qulay bo‘lgan transport xizmatlarini ko‘rsatish tizimi ishlab chiqilgan. Bunda shahar avtobus yo‘nalishlaridagi avtobuslarni yangisiga almashtirish, avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak tashkil qilish, yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib, yangi yo‘nalishlar ochish, bularning barchasiga vaqt va mablag‘ talab etiladi. Bu haqda boshqarma tomonidan tashkillashtirilgan matbuot anjumanlari, ochiq muloqotlarda bot-bot takrorlanib kelinmoqda. Shuningdek, aholiga sifatli transport xizmatini ko‘rsatish maqsadida boshqarma xodimlari tomonidan muntazam ravishda barcha tashuvchi korxonalarda tushuntirish, targ‘ibot va tashviqot ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birgalikda, bevosita vakolatli organlarni jalb qilgan holda, yo‘lovchi tashish sohasida muammolarni bartaraf qilish maqsadida joylarda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

 

Bundan tashqari, 2022-yil iyun oyidan boshlab shahar jamoat transporti, ya’ni avtobus va tramvaylar uchun “ATTO” MCHJ bilan hamkorlikda elektron to‘lov tizimni joriy etish, mazkur to‘lov turini ommalashtirish maqsadida joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

 

Shu o‘rinda muallifning ba’zi fikrlariga e’tirozimiz bor. Samarqandga 80 dona yangi avtobuslar olib kelinishi haqida ma’lumot berdik. Shu o‘rinda aytib o‘tish joiz, avtobuslar haridi borasida barcha amaliy ishlar qilingan, faqatgina ularning Xitoy Xalq Respublikasidan mamlakatimizga kirib kelishi qoldi, xolos. Bunda boshqa davlatning ichki tartib qoidalariga rioya qilish kerak. Masalaning bu tomonini inobatga olish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

 

Samarqand shahrida tirbandliklarning oldini olish, tumanlardan kirib keluvchi transport oqimini kamaytirish maqsadida Cho‘pon-ota massivi hamda shaharning boshqa hududlarida avtostansiya va avtoboshbekatlar qurish rejasi ishlab chiqilgan. Bundan maqsad ochiq osmon ostidagi muzey hisoblangan Samarqand shahrida tirbandliklarni oldini olish orqali sayyohlarga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratish.

 

Shu o‘rinda yana bir ma’lumot. Samarqand shahri “Yashil shahar”lar qatoriga kiritilishi munosabati bilan yo‘lovchi tashish sohasida elektrobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Hozirda Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ushbu loyihani amaliyotga tadbiq etish ishlari olib borilmoqda.

 

So‘ngi so‘z o‘rnida. Jamoat transportining jozibadorligini oshirish, undagi mavjud muammolarga barham berish maqsadida biz jamoatchilik nazoratiga tayanamiz. Vaqtli matbuot yoki ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan har bir tanqid va takliflar, albatta, vakolat doirasida o‘rganilib, kamchiliklar bartaraf qilib boriladi. Maqsad jamoatchilik fikridan kelib chiqib, jamoat transporti jozibadorligini oshirishdan iborat.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati