Munosabat: qaytim o`z vaqtida berilishi shart

18.03.2022

Ijtimoiy tarmoqlarda 20-shahar avtobus yo‘nalishida yo‘lovchilarga qaytim berilmasligi yuzasidan murojaat qoldirildi.

Murojaatda aytib o‘tilgan salbiy holatlarni kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida viloyat transport boshqarmasi xodimlari tomonidan berilgan vakolat doirasida “Azizavtoyo‘lovchitrans” MCHJda tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi.

Unda yo‘lovchilarga qaytimni o‘z vaqtida to‘liq qaytarish masalasi tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi. Yo‘l qo‘yilayotgan kamchilikning oxiri qanday oqibatlarga olib kelishi yuzasidan haydovchilarga qat’iy ogohlantirishlar berildi. Hattoki, ko‘pchilik uchun arzimasdek tuyulgan masala – yo‘lovchi tomonidan to‘langan yo‘l haqi uchun 100 so‘mlik qaytim va pattaning berilmasligi ham jinoyat ekanligi aytib o‘tildi. Endilikda har bir murojaat tegishli tartibda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda o‘rganilishi ma’lum qilindi.

Jamoat transporti o‘zining yutuqlari bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari sabab doim muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, gazeta va televidiniyeda ham bu borada bir qancha salbiy fikrlar o‘rtaga tashlanayotganligi sir emas. Bu kabi muammolarning asl ildizini topish, vakolatli organlar bilan birgalikda ularni bartaraf qilish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Biroq, qilinayotgan ishlar bilan ko‘zlangan maqsadga yetib bo‘lmayapti. Ammo bu murojaatlarga ko‘z yumish, degani emas. Balki ularga qarshi kurashda vakolatli organlarni ham jalb qilish lozimligini ko‘rsatib turibdi. Chunki bildirilayotgan fikrlar tagida asl haqiqat yotibdi. Buni inkor qilish insofdan emas.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati