Munosabat: Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan avtobus jarima maydoniga qo‘yildi


Joriy yilning 20-noyabr kuni Samarkand&Самаркандцы telegram kanalida “mobilniy reportyor” rukni ostida “Otkuda berutsya takiye voditeli!!! Ujas!!! 18.11.2021 18:00” sarlavhasi ostida svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan avtobus videosi tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB YHXB xodimlari surishtiruv o‘tkazib, yo‘l harakati qoidasini buzgan shaxs davlat raqami 30/296 ЕВА bo‘lgan “Isuzu” rusumli avtobus haydovchisi A.R. ekanligini aniqladi. Haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtobus jarima maydoniga qo‘yilgan.
Ushbu avtobus “Arxideya motors” MChJga tegishli bo‘lib, 18-shahar avtobus yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat qiladi. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda avtobus salonida yo‘lovchilar bo‘lmagan. Haydovchi avtosaroyga qaytish vaqtida yo‘l harakati qoidasini buzgan.
“Arxideya motors” MChJda viloyat transport boshqarmasi xodimlari hamda korxona haydovchilari o‘rtasida mazkur holat yuzasidan muhokama bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etganlar sodir bo‘lgan holat yuzasidan fikr bildirishib, bu kabi qoidabuzarlik oqibatida avtohalokat sodir bo‘lishi muqarrarligini aytib o‘tishdi. Ayniqsa, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi avtotransport vositalarining haydovchilarini tanlashda ularning tajribasidan kelib chiqqan holda boshqaruvga saralash, doimiy ravishda bilim va ko‘nikmalarini shakllantirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Yo‘lovchi avtobusga chiqar ekan, uning salomatligi va manziliga shikast yetmagan holda yetib borishi haydovchidan katta mas’uliyat talab qilishi misollar tariqasida tushuntirildi.
Muhokamada “Arxideya motors” MChJ rahbariyati davlat raqami 30/296 EBA bo‘lgan “Isuzu” rusumli avtobus haydovchisi A.R.ga nisbatan qonunda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligini ma’lum qildi.
P.S. Viloyat transport boshqarmasi nafaqat jamoat transporti haydovchilaridan, balki barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan avtotransport vositasini boshqarayotganda qoidalarga so‘zsiz rioya qilishlarini so‘rab qoladi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati