Munosabat: targ`ibot tadbirlari yo`lga qo`yilgan

26.04.2022

 “Ishonch” gazetasining 2022-yil 16-aprel sanasida chop etilgan 48-sonida Q.Sulaymonovning “Yo‘nalishsiz taksilarni kim tartibga soladi?” nomli tanqidiy fikrlari chop etildi.

Muallif Samarqand shahridagi Dahbed va Rudakiy ko‘chalari kesishmasidagi noqonuniy avtoturargoh, Hazora avtoboshbekati va Shodiyona savdo majmuasi atrofidagi tirbandliklarni oldini olish yuzasidan fikr bildirgan.

Samarqand shahrining Dahbed hamda Rudakiy ko‘chalari kesishuvida transport vositalarining yo‘l chetida qoldirilishi oqibatida haqiqatan ham tirbandliklar yuzaga kelayotir. Yoki boshqacha aytganda avtomobilini yo‘l chetida qoldirib yo‘lovchi izlayotgan haydovchilar boshqa transport vositalariga noqulayliklar tug`dirmoqda.

Mazkur holatga barham berish, hududda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida viloyat transport boshqarmasi hamda IIB YHXB tomonidan doimiy ravishda qo‘shma reydlar olib borilmoqda. To‘xtab turish qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilayotir. Shu bilan birgalikda avtomobil transportida litsenziyaga ega bo‘lmasdan yo‘lovchi tashish holatlari aniqlansa, tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda. Sun`iy ravishda tirbandlikni keltirib chiqarmaslik yuzasidan haydovchilar o`rtasida targ`ibot tadbirlari yo`lga qo`yilgan.

Masalaning eng nozik jihati shundaki, garchi Oqdaryo, Payariq, Ishtixon va Qo‘shrabot tumanlarini viloyat markazi bilan bog‘lovchi yo‘nalishda harakatlanuvchi transport vositalari uchun avtoboshbekat mavjud bo‘lsada, biroq yo‘lovchilar hali-hamon mazkur hududni o‘zlari uchun qulay hisoblashadi. Buning sababi Dahbed hamda Rudakiy ko‘chalari kesishuvi mazkur tumanlar aholisi uchun bir necha o‘n yillardan buyon avtoboshbekat hisoblangan. Bu bilan Dahbed hamda Rudakiy ko‘chalari kesishuvida tartib o‘rnatilmaydi, degan fikrdan yiroqmiz. Viloyat IIB YHXB bilan hamkorlikda ushbu hududda doimiy ravishda reyd jarayonlari olib boriladi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati