Munosabat: Tasvirga oling, ammo haydovchiga halаqit bermang!

Bugun, 30-yanvar kuni Facebook tarmog‘ida tramvay boshqaruvchisi bilan yo‘lovchi o‘rtasida tasvirga olish jarayonida o‘zaro tushunmovchilik kelib chiqqanligi yuzasidan murojaat tarqaldi.
Samarqand tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi DK holatga oydinlik kiritdi.
Holat joriy yilning 29-yanvar kuni soat 21.00 atrofida sodir bo‘lgan. Sartepa maskanidan Temiryo‘l vokzali tomon harakatlanuvchi 1011 raqamli tramvay saloniga Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan chiqqan yo‘lovchi o‘ziga ma’lum bo‘lgan maqsadda haydovchini tasvirga ola boshlaydi. Bunda tramvay boshqaruvchisi yo‘lovchidan uning e’tiborini chalg‘itmasligini, boshqaruvda halaqit bermasligini so‘raydi. Biroq, yo‘lovchi tasvirga olish taqiqlanmaganligini aytib, o‘z ishida davom etadi. Natijada haydovchi va yo‘lovchi o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Shundan so‘ng tramvay boshqaruvchisi viloyat IIB tezkor raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Samarqand tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi DK rahbariyati tomonidan bunday holatlar takrorlanmasligi uchun ishchi-xodimlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib bordi. Unda yo‘lovchilarga samimiy munosabatda bo‘lish lozimligi ta’kidlandi.
Tramvay boshqaruvchisi bilan olib borilgan suhbatdan so‘ng yo‘lovchilarga murojaat qilmoqchimiz.
Jamoat transportida tasvirga olish ishlari taqiqlanmagan, faqatgina haydovchining e’tiborini chalg‘itmaslik, boshqaruvga halal bermaslik so‘raladi. Haydovchi nafaqat o‘zining, balki manzili sari oshiqayotgan har bir yo‘lovchining xavfsizligi uchun javobgar. Uning bir soniyaga chalg‘ishi tuzatib bo‘lmas xatolarga sabab bo‘lishi mumkin. Buni yodda tuting!
Ushbu munosabatni yozish orqali haydovchini oqlash niyatimiz yo‘q, balki yo‘lovchilar ham jamoat transporti saloni “Tik-tok”, Instagram yoki boshqa turdagi videolavhalar tayyorlash uchun maydon emasligini eslatib o‘tmoqchimiz.
Xulosa o‘zingizdan.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati