Munosabat “Tiqilinch, o‘tirish joyi kam, havo yo‘q: yo‘lovchilar avtobuslar haqida...”

Zarnews.uz saytida jamoat transporti bilan bog‘liq muammolar yuzasidan videomurojaat e’lon qilindi. Unda bevosita yo‘lovchilarning fikrlari jamlangan.
Jamoat transportidagi muammolarga e’tibor qaratganligi uchun jurnalistlarga minnatdorlik bildiramiz. Zero, tanqid kelajak mevasidir.
To‘g‘ri, bugungi kunda jamoat transportida muammolar juda ko‘p. Uning oldini olish maqsadida boshqarmaning “Avtomobil tashuvlarini nazorat qilish bo‘limi” inspektorlari tomonidan bevosita avtokorxonalarda, shuningdek, so‘ngi va oraliq bekatlarda monitoring ishlari yo‘lga qo‘yilgan. O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli avtokorxonalar rahbarlari ogohlantirilmoqda. Biroq...
Eng og‘riqli masala
Shu o‘rinda boshqarma nega chora ko‘rmaydi, degan savolga javob berib o‘tishni joiz deb bildik.
Jamoat transportida yoki umuman yo‘lovchi tashish sohasida muammolar ko‘p. Bu muammolar hamma joyda gapiriladi. Biroq, o‘sha muammolarni bartaraf qilish, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, aytaylik yo‘lovchiga qo‘pollik qilgan, yo‘nalish sxemasini buzgan, belgilangan jadval asosida harakatlanmagan, qaytimni o‘z vaqtida bermagan, yo‘llarda harakat qoidalariga rioya qilmaganligi uchun qonunda belgilangan tartibda to‘g‘ridan to‘g‘ri jazo choralarini qo‘llash vakolati transport boshqarmasida yo‘q. Xuddi shuningdek, yo‘nalishli taksilar bilan shu ahvol.
Jamoat transportidagi kamchiliklarni o‘rganish va ularni bartaraf qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilining ruxsati kerak bo‘ladi. Bunday ruxsatnomani olish uchun bir qancha hujjatlar va vaqt talab etilmoqda.
Anglaganingizdek, jamoat transportini o‘rganish va tartibga solish bo‘yicha nazorat olib borilayotir. Biroq, tashuvlarni amalga oshirishda Qonun doirasida to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha belgilangan tartibda ko‘rsatma va tavsiyalar berilmoqda, xolos.
Nega yo‘nalishlarda avtobuslar kam?
Samarqand shahrida 61 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari mavjud. Shundan, 56 tasi avtobus yo‘nalishlari bo‘lsa, qolgan 5 tasi yo‘nalishli taksi yo‘nalishilaridir.
56 ta shahar avtobus yo‘nalishlaridan bugungi kunda 37 tasi faoliyat ko‘rsatayapti, xolos. Shuningdek, 2020 yil yanvar holatiga shahar miqyosida tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bo‘lgan 530 ta avtobus aholiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 225 ta transport vositasi yo‘lovchilar xizmatida. Avtobuslarning bu qadar kamayib ketishining asosiy sababi avtokorxonalar tomonidan kredit mablag‘larini qoplash uchun avtobuslarning sotilishidadir. Ushbu holat o‘z navbatida shahar avtobus yo‘nalishlaridagi transport vositalarining sonini kamayishiga olib kelmoqda.
Muammoning yechimi bormi?
Samarqand shahrida aholiga sifatli transport xizmatini ko‘rsatish maqsadida tadbirkorlarni jalb qilgan holda avtobuslar xarid qilish rejalashtirilgan. 2022 yil yakuniga qadar “Maroqand trans 777” MCHJ tomonidan olib kelinayotgan yangi 80 dona zamonaviy avtobuslar aholiga zarur bulgan yo‘nalishlarga joylashtirilishi rejalashtirilgan. Hozirda avtobuslar xaridi hamda ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalar yechilgan.
Viloyat transport boshqarmasi muassisligidagi “Samarqand yo‘lovchi trans” DKga Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan kredit mablag‘lari hisobidan 350 dona elektrobuslarni olib kelish borasida amaliy ishlar boshlandi.
Mazkur korxonada yangi, zamonaviy bino va inshootlar, elektrobuslarni quvvatlantirish uchun elektr stansiyasi (TP) qurish uchun loyiha ishlarini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan mablag‘ ajratildi.
Bugungi kunda loyihalashtirish tashkilotlari tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jamoat transportidagi muammolarga barham berish uchun birinchi navbatda to‘liq elektron to‘lov tizimiga o‘tish shart. Bu bilan sohadagi yashirin iqtisodga barham beriladi hamda korxonalarning moliyaviy daromadi yoki zarari yuzaga chiqadi. Ana shunda, O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi “Shahar yo‘lovchilar transporti” to‘g‘risidagi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentyabrdagi "Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashuvchilar faoliyatini hamda ularni moliyalashtirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori talablariga asosan, keltirilgan zararni qoplab berish lozim bo‘ladi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.