Munosabat: yo‘nalishsiz taksilardan foydalanishda haydovchi bilan o‘zaro kelishuvga erishish lozim

#Munosabat
“Samarqand” gazetasining 3-sonida “Kimga to‘y, kimga aza” sarlavhasi ostida taksi narxlarining qimmatligi, “Temiryo‘l vokzali - Siyob bozori” yo‘nalishidagi tramvaylarning bekatlarga kelish-ketish oraliq vaqti 38 daqiqa ekanligi yuzasidan tanqidiy maqola chop etildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi mazkur holatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida” qarorining “Yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchilar va bagajni tashish” bobida “yo‘nalishsiz taksilarning yo‘lovchilarni tashish va bagajni tashish tariflari miqdori tashuvchi tomonidan belgilanadi”, deb ko‘rsatib o‘tilgan. Mazkur qarordan kelib chiqib, yo‘nalishsiz taksilardan foydalanishda haydovchi bilan o‘zaro kelishuvga erishish lozim.
“Temiryo‘l vokzali - Siyob bozori” yo‘nalishida elektr tarmoqlaridagi nosozlik sabab tramvaylar harakati to‘liq ishga tushirilmagan. Hozirda mazkur yo‘nalishda tramvaylarning harakatida oraliq interval 25-30 daqiqani tashkil qiladi.
Shuningdek, ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida aholi xonadonlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida o‘rnatilgan cheklovlar sabab avtobuslarni to‘liq yoqilg‘i bilan ta’minlash imkoni bo‘lmayapti. Buning natijasida shahar jamoat transporti yo‘nalishlarida to‘xtalishlar kuzatilmoqda. Bu haqda yo‘lovchilarga kunlik ma’lumot berib kelinmoqda.
Samarqand viloayti transport boshqarmasi Axborot xizmati