Murojaat va ijro

27.08.2021

 Viloyat hokimi E.Turdimovning Samarqand shahar “Vatanparvar” mahallasida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulida “Do‘stlik” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro G.Murodova
4-raqamli yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobuslar harakatini mahallaning ichki ko‘chalariga qadar uzaytirishni so‘rab murojaat qilgan. Ushbu murojaat viloyat transport boshqarmasi xodimlari hamda “Do‘stlik” mahallasi faollari tomonidan o‘rganib chiqildi. Tomonlar dastlab avtobuslarning hozirgi harakatlanish jadvali hamda yo‘lovchilar oqimi bilan qiziqib ko‘rdi, so‘ngra mahalla faollari tomonidan taklif etilayotgan yangi yo‘nalishni ko‘zdan kechirishdi. Shundan so‘ng, bevosita muhokama jarayoni boshlandi.

“Toxir R” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari J.Raxmonovning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday murojaat bir muddat avval ham bo‘lgan. Murojaat ijrosi yuzasidan taklif qilingan yo‘nalishda avtobuslar uch kun davomida harakatni amalga oshirgan. Biroq yo‘lovchi oqimi kamligi sababli avtobuslar yana avvalgi yo‘nalishga qaytgan.

Muhokamada ham yo‘lovchilar uchun maqbul bo‘lgan, ham tashuvchi korxona uchun zarar keltirmaydigan fikr o‘rtaga tashlandi. Unga ko‘ra, mahalla faollari joriy yilning 6-sentabriga qadar mahalla fuqarolari o‘rtasida targ‘ibot – tashviqot ishlari olib borishadi. Tashuvchi tomon esa, 6-sentabrdan boshlab mahallaning ichki ko‘chalarida yangi jadval asosida sinov tariqasida xizmat ko‘rsatadi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati