Murojaat va ijro: tizimda raqobat kerak

Samarqand shahrida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi avtobuslarda yo‘lovchilarga qulaylik yaratish hamda sohada raqamli texnologiyalarni tatbiq etish maqsadida “Tezkard” elektron to‘lov tizimi joriy etilgandi. Biroq, Samarqandda jamoat transportida naqd pulsiz to‘lov shaklini joriy qilgan “Tezkard” MCHJ hamda tashuvchi korxonalar o‘rtasida kelib chiqayotgan muammolar sababli tizim o‘zini oqlamayapti. Bunga yo‘lovchilardan kelib tushayotgan murojaatlarning ortib borishini misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin.
Sohada elektron to‘lov tizimining joriy qilinishini qo‘llab-quvvatlab kelgan I.Salomov uning to‘laqonli ravishda ishlamayotganlidan norozi bo‘lib viloyat hokimligi hamda transport boshqarmasiga murojaat qilgan.
“Tezkard” elektron to‘lov tizimida e’tirozlarga sabab bo‘layotgan holatlar boshqarma boshlig‘i tomonidan o‘rganib chiqildi hamda murojaatchi I.Salomov ishtirokida muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tezda bartaraf qilish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Boshqarma boshlig‘i A.Ashurov sohaga befarq bo‘lmaganligi, muammolar va uning yechimlari borasida bergan taklif va tavsiyalari uchun murojaatchi I.Salomovga minnatdorlik bildirdi.
Haqiqatni tan olib aytadigan bo‘lsak, “Tezkard” elektron to‘lov tizimida muammolar juda ko‘p. Tashuvlarda to‘langan summani o‘z vaqtida tashuvchi korxona hisobiga o‘tkazmaslik, validatorlarning ta’mirtalab bo‘lib qolganligi buning yaqqol misolidir. “Tezkard” MCHJ vakillari muammoga e’tibor qaratib, unga yechim topishi lozim. Yoki elektron to‘lov tizimini barqaror ishlashini ta’minlash uchun sohada raqobat bo‘lishi kerak. Ana shunda ko‘zlangan maqsadga yetish mumkin.