Noqonuniy yo`lovchi tashish jarimaga sabab bo`ladi

Aholiga transport xizmatini ko‘rsatishda karantin qoidalariga rioya qilish yuzasidan belgilangan talablar ijrosini ta’minlash hamda noqonuniy yo‘lovchi tashishni oldini olish maqsadida viloyat transport boshqarmasi hamda viloyat IIB YHXB xodimlari hamkorlikda nazorat tadbirini olib borishmoqda. Tadbir davomida niqob taqish, anitseptik vositalaridan foydalanish, me’yoridan ko‘p yo‘lovchi olmaslik bo‘yicha haydovchi va yo‘lovchilar o‘rtasida keng qamrovli tushuntirish - targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Qo‘shma tadbirida davomida yo‘nalishli taksilarning me’yoriy hujjatlari ham ko‘zdan kechirildi. Yo‘l varaqasi, tibbiy va texnik ko‘rikdan o‘tganligi, yo‘lovchi tashish faoliyatiga ruxsat beruvchi litsenziya, yo‘nalish sxemasi shular jumlasidandir. Tegishli hujjatlarga ega bo‘lmasdan yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirib, kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik choralari belgilandi.
Ayniqsa, nazorat tadbirlari davomida avtotransport vositalarining dezinfeksiya jarayoni, sanitar holati ko‘zdan kechirilib, haydovchilarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qilish vazifasi yuklandi. Yo‘lovchilarning noroziligiga sabab bo‘luvchi omillarni keltirib chiqarmaslik, faoliyat davomida belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishi yuzasidan tavsiyalar berildi.
2021-yil iyul oyi davomida viloyat IIB YHXB bilan hamkorlikda 52 marta qo‘shma reyd tadbirlari o‘tkazilishi natijasida jami 207 ta avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish holatlari aniqlangan. Ularga belgilangan tartibda, ya’ni MJtKning 1763 moddasiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli tartibda sudlarga yuborilgan.
Sudlarga yuborilgan ma’muriy huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha sudlar tomonidan jami 129.2 mln.so‘m jarima jazolari tayinlangan va jarimalar to‘liq undirilgan. Bundan tashqari o‘tkazilgan reydlar davomida noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi transport vositalarining 130 tasining faoliyati qonuniylashtirildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati