Nurobodda qo`shma reyd o`tkazildi


Nurobod tumanida joylashgan “Feruzbek Sanjarbek trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati ko‘p yillardan buyon mazkur hudud aholisiga yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatib keladi. Biroq, keyingi vaqtlarda tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanib kelayotgan haydovchilar ushbu yo‘nalishda qonuniy asosda xizmat ko`rsatayotgan transport vositalariga halaqit berib kelmoqda. Bu haqda “Feruzbek Sanjarbek trans” rahbari viloyat transport boshqarmasi boshlig`i nomiga qilgan murojaatida ko‘rsatib o‘tgan.
Tadbirkorning murojaatini o‘z vaqtida ijobiy hal qilish maqsadida viloyat transport boshqarmasi hamda IIB YHXB xodimlari tomonidan Nurobod va Samarqand tumanlarini bog‘lovchi yo‘nalishda qo‘shma reyd tadbirlari olib borildi. Unda tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar o‘rtasida faoliyatini qonuniylashtirishga doir tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi.
Qo‘shma reyd davomida aniqlangan huquqbuzarliklar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, qonuniy baho berish uchun sudlarga yuborildi.
Ahamiyatlisi, ma’muriy bayonnomalar elektron tartibda - planshetlar orqali tuzildi. 2021-yilning 15-dekabridan boshlab sinov tariqasida qo‘llanilgan planshetlar orqali bugungi kunga qadar 100 dan ziyod ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati