O`rindiqsiz avtobuslar yoki "men bilmayman"

26.08.2021

Aholining transportga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Samarqand shahri imkon darajasida avtobus yo‘nalishlari bilan qamrab olingan. Yo‘lovchilar oqimiga qarab yo‘nalishlar va harakat jadvali ishlab chiqilgan. Bunda yo‘nalishlarda tashuvlarni amalga oshiruvchi transport vositalarining tozaligi, salon qismida o‘tirgichlarning talab darajasida ekanligi muhim ahamiyat kasb etadi. Tashqi jihatdan esa, xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning nomi, yo‘nalish raqami va joy nomlari aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.

Bu borada shahar avtobus yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatuvchi korxona rahbarlariga kerakli tavsiyalar berilgan.

Biroq, amaldachi?

Aholiga xizmat ko‘rsatuvchi avtotransport vositalarining bugungi kundagi ahvoli, yo‘lovchi tashiga qo‘yilgan talablar ijrosi yuzasidan viloyat transport boshqarmasi xodimlari tomonidan avtobuslarning joriy holati tanqidiy – tahliliy ruhda o‘rganib chiqildi. Unda asosan avtobuslarning ichki va tashqi jihatdan tozaligi, o‘tirgichlarning ahvoli hamda boshqa jihatlarga e’tibor qaratildi.

O‘rganish davomida bir qancha yo‘nalishdagi avtobuslarda o‘rindiqlarning yetishmasligi, borlarida ham qoplamalar yirtilib yoki kirlanib ketganligi aniqlandi. Misol uchun “Azim Logistik tex servis” MCHJ qarashli 44-raqamli yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi, davlat raqami 30\350 YEVA, 30\353ЕVA bo‘lgan, “Aziz Xilola avto trans” MCHJ qarashli 52-yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi, davlat raqami 30\478 FBA bo‘lgan, “Sher” MCHJga qarashli 99-yo‘nalishdagi 30\067 TAA, 30\239 YEVA va boshqa bir qancha yo‘nalishlardagi avtobuslarda o‘rindiqlar olib tashlangan. Holat yuzasidan haydovchidan izoh so‘ralganda, 'men bilmayman, yangiman", “singan” degan javoblarni oldik. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Ertalab avtobuslar yo‘nalishga chiqarilishidan oldin texnik ko‘rikdan o‘tganmi yoki yo‘q? Buning javobini tashuvchi korxonalar rahbarlarining vijdoniga havola qilamiz.

Har holda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ortidan daromad kelayotgan ekan, nega unda yetarli darajada sharoit yaratilmasligi kerak?

Mavzuga yana qaytamiz.

Samaqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati