Obod yurtga bayram yarashadi

Dono xalqimiz “Hashar – elga yarashar!” deb bejizga aytishmaydi. Hashar kunlarida atrof-muhitning tozaligiga barcha o‘z hissasini qo‘shishga harakat qiladi. Chunki tozalik sog‘lik garovidir.
Bugun butun mamlakatimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga munosib tayyorgarlik ko‘rish hamda nishonlashga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori asosida obodonlashtirish oyligini tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.
Barcha joylarda bo‘lgani kabi Samarqand viloyati transport boshqarmasida ham umumxalq hashari uyushqoqlik bilan olib borildi. Boshqarma binosi va unga tutash hududlar saranjom-sarishta holatga keltirilib, atrofdagi ariqlar ichi, avtoturargoh hududi chiqindilardan tozalandi.
Albatta, bu kabi hasharlar insonlarni bir-biriga muruvvatli bo‘lishga, mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu ezgu tadbirga davlat va jamoat tashkilotlari, korxona va muassasa xodimlari ham o‘zlarining munosib ulushlarini qo‘shishmoqda.
Jumladan, viloyatimizda mavjud avtokorxonalar ham hamjihat bo‘lib, erta tongdan hasharda faol ishtirok etmoqda. Hashar davomida atrof-muhitni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish kabi yumushlar bajarilmoqda.
Ushbu tadbir ishchi xodimlar orasida ko‘tarinki kayfiyat bilan o‘tayotganini alohida ta’kidlash joiz. Zero, hashar hamjihatlik, obodlik va yaratuvchanlik ramzi sifatida shakllangan mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati