Ochiq muloqot: Samarqandda transport tizimi tubdan o‘zgarmoqda

Samarqand teleradiokompaniyasida viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida jonli efirda “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat transport boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Samarqand viloyatida jami 237 ta faoliyat ko‘rsatayotgan yo‘lovchi tashuvchi yo‘nalishlar mavjud bo‘lib, shundan 101 ta avtobus, 11 ta mikroavtobus, 125 tasi yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarini tashkil etadi.
Ushbu yo‘nalishlardan 32 tasi shahar yo‘nalishlari (29 ta avtobus, 3 ta mikroavtobus), 185 ta shahar atrofi yo‘nalishlari (55 ta avtobus, 7 ta mikroavtobus va 123 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishlaridir. Shuningdek, 20 ta viloyat hududidagi shaharlararo yo‘nalishlari (17 ta avtobus, 1 ta mikroavtobus va 2 ta yo‘nalishli taksi(Damas)lar) bor.
2024-yil yanvar - mart oylarida 3664 ta litsenziya va 7874 ta litsenziya varaqalari rasmiylashtirilgan. Jumladan, yangi 3646 ta litsenziya va 7481 ta litsenziya varaqasi rasmiylashtirilgan bo‘sa, 18 ta litsenziya 393 ta litsenziya varaqasi qayta rasmiylashtirilgan.
2024-yil 1-aprel holatiga Samarqand viloyatida 15 053 ta (yuridik shaxs - 308 ta, o‘zini o‘zi band qilganlar taksi - 14 740 ta, YATT yuk tashish - 5 ta) litsenziat tomonidan 15 095 ta litsenziya asosida, 19 499 ta avtotransport vositalari bilan xizmat ko‘rsatilmoqda. Jumladan, 571 ta avtobus, 194 ta mikroavtobus, 17 479 ta yengil avtomobil, shundan 15 660 ta yo‘nalishsiz taksi (shundan: Yuridik shaxslarda - 804 ta (sariq TT-740 ta), O‘O‘B-taksi-14 856 ta), 1819 ta DAMAS rusumli yo‘nalishli taksi. Xalqaro yuk tashuvchi avtomobillar - 91 ta litsenziatda 1255 ta avtomobil va 934 ta tirkama va yarim tirkama.
Yo‘lovchi tashish bilan viloyatda 229 ta korxona 3388 ta avtotransport vositalari bilan xizmat ko‘rsatmoqda.
2023-2024-yilning birinchi choragi davomida jamoat transportini rivojlantirish, mavjud avtobus va mikroavtobuslar parkini yangilash maqsadida tashuvchi tadbirkorlar tomonidan 121 ta avtobus, 32 ta mikroavtobuslar xarid qilindi. Hozirda tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda yana yangi avtobus va mikroavtobuslar xarid qilish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
2024-yilda viloyat transport boshqarmasi jamoat transporti tarmog‘ini rivojlantirishni asosiy maqsad qilgan. Xususan Samarqand shahar transport bosh rejasida belgilangan yo‘nalishlar tarmog‘ida, uzoq va chekka hududlarni tuman va viloyat markazi bilan bog‘lovchi yo‘nalishlarda avtobuslar harakatini joriy etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Samarqand shahrida jamoat transportini rivojlantirish hamda tirbandlikni oldini olish maqsadida chekka hududlardan kirib keluvchi transport vositalari harakatini kamaytirish maqsadida 4 ta avtostansiya qurilishi rejalashtirilgan.
(Ma’lumot uchun 4R46 a/yo‘lning Samarqand shahri - Pastdarg‘om tumani chegara hududi atrofida (Vatanparvar MFY);
- Samarqand shahar aylanma yo‘li - M 37 A a/yo‘li (Parrandachilik fabrikasi) hududida;
- Samarqand tumani Chumchuqli MFY M-39 a/yo‘lining (Toyloq aylanma yo‘li) hududida;
- Samarqand tumanidan o‘tuvchi M 37 a/yo‘lining (Motrid aylanma yo‘li) hududlarida.
Bugungi kunda Samarqand tumanining Cho‘pon-ota massivida loyiha qiymati 50 mlrd. so‘mga baholangan avtoboshbekat “SXF Kemping” tomonidan qurilish ishlari boshlangan bo‘lib ushbu loyiha joriy yilning yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Samarqand shahrining Motrid qo‘rg‘onida Urgut Avtotsentr MCHJ tomonidan 2,5 gektar yer maydonida transport o‘tish bog‘lamalari loyiha-smetalari yakunlanib, vakolatli organlardan tegishli xulosalar olingan va navbatdagi Arxitektura-shaharsozlik kengashiga kiritish jarayonida.
Samarqand tumanining Parrandachilik mahallasida “Ohalik oltin bog‘lari” MCHJga tegishli 2,5 gektar yer maydonidan transport-o‘tish bog‘lamasi loyiha-smeta tasdig‘idan o‘tkazilgan bo‘lib, yaqin kunlarda qurilish ishlari boshlanadi.
Samarqand tumanining yana bir hududi Chumchuqli MFY M39 avtomobil yo‘lida Bosh rejaga asosan xuddi shunday transport-o‘tish bog‘lamasi barpo etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu hududda ham 2,5 gektar yer maydoni vakolatli organlar xulosasini olish uchun avtomatlashtirilgan tizimga joylashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 59-sonli qarorida belgilangan vazifalar hamda aholining jamoat transportiga bo‘lgan talabini qondirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot:
Samarqand viloyati Transport boshqarmasi tomonidan “Samarqand shahrining yangi aglomeratsiyasi bo‘yicha ishlab chiqilgan transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Manzilli Dastur” ishlab chiqildi va viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlanib, Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq, sakson ikkinchi sessiyasida ko‘rib chiqildi va 2023-yil 13-martdagi qarori bilan tasdiqlandi.
Yangi yo‘nalishlar tarmog‘idagi 43 yo‘nalishlardan 11 tasiga, jumladan, M2, M3, M12, 15, 22, 30, 31, 52, 66, 70, 256-raqamli yo‘nalishlariga "Marokand trans 777" MCHJ va "Dilshod trans servis" MCHJ tomonidan olib kelingan 80 dona "King Long", 20 dona "Aziya star" va 15 dona "CRRC" rusumli avtobuslari joylashtirilgan. Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga olib kelingan 6 dona "Yutong" rusumli avtobuslar M 1-raqamli yo‘nalishga joylashtirildi.
Yangi yo‘nalishlar tarmog‘i doirasida yo‘nalishlar pasporti (harakat jadvali, yo‘nalish masofasi, harakat tarkibi turi va soni, ish tartibi va boshqalar) ishlab chiqildi.
Samarqand shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan yangi yo‘nalishlar tarmog‘idagi 43 ta yo‘nalishlarni brutto-shartnomaga o‘tkazish grafigi tasdiqlandi.
2023-yil 28-oktyabr kuni yangi yo‘nalishlar tarmog‘idagi 15-raqamli “Temir yo‘l ABB – Kimyo zavod, 30-raqamli “Toshkent mahallasi – Obod maskan mahallasi” va 52-raqamli “Sartepo maskani – Samarqand ABB”, 2023-yil 28-dekabr kuni o‘tkazilgan tenderda 31-raqamli “Sil kasalliklar shifoxonasi – Aziz kafe (M-37 a/y)”, 70-raqamli “Sattepo maskani - O‘rmon xo‘jaligi” va 74-raqamli “Sattepo maskani – Cho‘ponota avtovokzali”, 2024-yil 9 aprelda o‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra, 27-raqamli “Temiryo‘l vokzali-Obod maskan” shahar avtobus yo‘nalishlarida ishlash huquqini qo‘lga kiritish borasida o‘tkazilgan tenderlarda “Marokand trans 777” MCHJ g‘olib deb topildi.
Bugungi kunda Samarqand shahrida jami 7 ta yo‘nalishlar bo‘yicha “Marokand trans 777” MCHJ bilan brutto-shartnomasi tuzilgan.
"Marokand trans 777" MCHJga tegishli avtobuslarda yo‘lovchi tashish aylanmasi 1 kunda o‘rtacha 70 ming kishini tashkil etadi.
“Samarqandyo‘lovchitrans” davlat korxonasiga tegishli elektrobuslarda yo‘lovchi tashish aylanmasi 1 kunda o‘rtacha 3.3 ming kishini tashkil etadi.
Tashuvchilar tomonidan yo‘nalish ko‘rsatkichlarini monitoring qilish, bajarilgan ish hajmini aniqlash va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini baholash maqsadida viloyat transport boshqarmasi binosida avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatining dasturiy ta’minoti “Magnetic North” tizimi o‘rnatildi, shuningdek, dispetcherlik xizmatini tashkil etish uchun alohida xona ajratilib, kompyuter texnikalari, monitor va zarur mebellar bilan jihozlandi.
“Magnetic North” tizimida Samarqand shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejasida ko‘zda tutilgan yangi yo‘nalishlar tarmog‘idagi 43 ta yo‘nalishlar va ulardagi oraliq bekatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritildi.
Brutto-shartnoma tuzilgan 7 ta yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatishi lozim bo‘lgan harakat tarkibi, haydovchilari, harakat jadvallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Magnetic North” tizimiga kiritildi. Bugungi kunda ushbu transport vositalarini “Magnetic North” tizimi orqali kuzatish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi “Tramvay va trolleybus transportida yo‘lovchilarni tashish tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 664-sonli qarori ijrosi yuzasidan ma’lumot
Tramvay transporti faoliyati samaradorligini oshirish va rivojlantirish bo‘yicha “YO‘L XARITASI”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Samarqand viloyat hokimining 2023-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi “Tramvay va trolleybus transportida yo‘lovchilarni tashish tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 664-sonli qarori ijrosini ta’minlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Tramvaylarda reklama xizmatlarini ko‘rsatish uchun belgilangan reklama joylarini e-auksion savdo maydonchasiga chiqarildi.
“E-auksion” savdo maydonchasida g‘olib bo‘lgan talabgorlar bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzildi.
ATTO elektron to‘lov tizimi validatorlari bilan jihozlandi.
Yo‘lovchilarni elektron to‘lov tizimidan foydalanishga targ‘ib qilish va naqd to‘lov amaliyotini qisqartirish choralari ko‘rildi.
Tramvaylar GPS navigator qurilmasi bilan jihozlandi.
Samarqand shahrida elektrobuslar harakatini tashkil qilish borasida 2024-yil 22-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Samarqand shahrida jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi.
Mazkur qaror bilan Samarqand shahri jamoat transporti uchun 100 dona elektrobus sotib olish, bunda YETTBning 49 mln dollar qarz mablag‘i, O‘zbekiston Respublikasining 13 mln dollar ulushi (jumladan, 6,9 mln dollar soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etish) va Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasining 318 ming dollar mablag‘ini jalb etish ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘ 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlash qurilmalari xarid qilishga, avtobus saroyini qurishga va loyihani boshqarishga yo‘naltiriladi.
2023-yil 30-yanvarda YETTB tomonidan o‘tkazilgan xalqaro tenderda 100 ta elektrobus yetkazib berish bo‘yicha Xitoyning “Yutong Bus Co., Ltd” kompaniyasi g‘olib deb topilgan va shartnoma imzolangan.
Shartnoma doirasida 2023-yil may oyida 6 ta elektrobus va 3 ta quvvatlash qurilmalari olib kelingan edi.
Elektrobuslarni saqlash va foydalanish maqsadida davlat korxonasi tashkil etilib, unga 3,8 gektar yer ajratildi. Bunda, avtosaroy qurish loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertizadan o‘tkazilgan.