OGOHLANTIRISH! Viloyatdagi avtomobil transportida yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi avtotransport korxonalari rahbarlari DIQQATIGA!

19.10.2022

 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi “Avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 399-son qarori bilan “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq faoliyati transport vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan yuridik shaxslarning yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus dasturlar bo‘yicha vaqti-vaqti bilan har uch yilda kamida bir marta o‘z malakasini oshirib, malaka imtihoni topshirishi kerakligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 636-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek, yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”ning 11-bandi “b” kichik bandida avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlaridan biri etib yuridik shaxs shtatida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va avtotransportlardan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan, belgilangan tartibda Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus dasturlar bo‘yicha malakasini oshirib, malaka imtihonidan o‘tgan mansabdor shaxslarning mavjud bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib taomillari to‘g‘risida” 701-son Qonuni 29-moddasida litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishni rad etish asoslari ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, talabgorning litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlariga muvofiq emasligi litsenziya berishni rad etish asos bo‘lishi ko‘rsatilgan. 

O‘tkazilga tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar xodimlarining malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikati muddati tugaganligi yoki umuman yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, mavjud malaka sertifikatlarini O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi qoshidagi Avtomobil transporti xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida ((71)231-12-67; +99895-169-44-43; (95)196-44-43. Faks/tel: (71)231-12-68) ro‘yxatdan o‘tkazishi yoki o‘z xodimlaringizni malaka sertifikati bilan ta’minlash lozimligi to‘g‘risida ogohlantiramiz.

Masofaviy malaka oshirish kurslari o‘quv www.avto-ilm.uz portalida tashkil etilgan.