Oqdaryoda transport qatnovi qay darajada?

Telegram manzilimizga Oqdaryo tumanida istiqomat qiluvchi R.Ochilova “Bugun Oqdaryo tumanida transport boʻyicha muammo bor. Bundan necha yillar oldin tumanimizga avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilgandi vaholanki hamma uzogʻi yaqin boʻlganidan xursand edi. Afsus, xursandchilik uzoqqa yetmadi. Qatnov toʻxtatildi. Nega?..
Har gal tumanimizga yangi hokim keladi, yana biri ketadi. Xullas bu masalaga eʼtibor qaratadiganlar uchramadi. Mana hozir Namangan viloyatining olis tumanlaridan birida xizmat yuzasidan yashab kelmoqdamiz. Bu yerdagi sharoitlarni oʻzimning tumanimga qiyoslamoqchiman. Ha topdingiz... Bu yerda shahar bilan bogʻlovchi avtobuslar har soatda keladi. Ha... har soatning boshida... Nega endi bizning tumanda buning iloji yoʻq. Birgina misol Yangiqoʻrgʻon va Loyishni bogʻlab turuvchi masofa hechqancha emas, ammo narxning qimmatligini aytmasa ham boʻladi. Nega aynan Yangiqoʻrgʻon, Loyish, Samarqand shaharni bogʻlash uchun avtobus qatnovi yoʻq. Buni yoʻlga qoʻyish qiyin boʻlsa, axir inson manfaatlari har narsadan ustun boʻladigan bir zamonda bizni tumanda buning iloji yoʻq. Savollar tugʻilaveradi... Javobni esa mutasaddi tashkilot vakillaridan aniq va ravshan holatda, qolaversa ijobiy hal boʻlgan tarzda kutib qolamiz..., deya murojaat qoldirgan.
Ushbu murojaat yuzasidan viloyat transport boshqarmasi xodimlari tomoindan joyida o‘rganildi.
Oqdaryo tumanida jami sakkizta yo‘nalish mavjud bo‘lib, shundan uchtasi avtobus, beshtasi yo‘nalishli taksi yo‘nalishidir. Ushbu yo‘nalishlarda “Oqdaryo avto yo‘lovchi trans” va “Amirxon trans”MCHJga qarashli transport vositalari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishi belgilangan.
“Oqdaryo avto yo‘lovchi trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli avtotransport vositalari 296-raqamli “Gavband qishlog‘i-Primkent mahallasi-Loyish shaharchasi” yo‘nalishida 2018-yildan 2020-yilgacha tashuvlarni amalga oshirib kelgan. Biroq, 2020-yil pandemiya davrida avtobuslar harakati to‘liq to‘xtatilgan davrda korxona kredit foizlarini qoplash maqsadida avtobuslarni sotib yuborgan. Shu sababli ushbu yo‘nalishda avtobuslar harakati to‘xtab qolgan. Shuningdek, 2018-yildan 2020-yilgacha tashuvlarni amalga oshirgan 433-raqamli “Qorateri qishlog‘i-Loyish shaharchasi” avtobus yo‘nalishidagi transport vositalari ham o‘z sarf-xarajatlarini qoplmaganligi uchun tadbirkor tomonidan to‘xtatligan. 2015-yildan 2020-yilgacha 443-raqamli “Sug‘onchi qishlog‘i-Loyish shaharchasi-Shohi Zinda ABB” yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari ham tashuvchi korxona tomonidan sotib yuborilgan.
Bugungi kunda 388-raqamli “Loyish shaharchasi-Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i” yo‘nalishli taksi yo‘nalishidagi transport vositalari yo‘lovchilar xizmatida. Aholining uzog‘ini yaqin qilmoqda.
388-raqamli “Loyish shaharchasi-Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i” yo‘nalishining umumiy masofasi 11 km.ni tashkil qiladi. Ushbu yo‘nalishda yo‘l kira narxlarini sun’iy ravishda oshirilishi viloyat IIB YHXB bilan hamkorlikda olib boriladigan reyd jarayonida ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, 433-raqamli “Qorateri qishlog‘i-Shohi Zinda ABB” hamda 443-raqamli “Chayjavul qishlog‘i-Loyish shaharchasi-Shohi Zinda ABB” yo‘nalishidagi mikroavtobuslar tuman va qishloqlarni viloyat makazi bilan bog‘lovchi yo‘nalishda aholiga transport xizmatini ko‘rsatib kelayotir.
Tumanda avtobuslar qatnovini qayta tiklash maqsadida viloyat transport boshqarmasi tomonidan ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlariga taklif kiritilgan.
Viloyat transport boshqarmasi yo‘lovchi tashish sohasida ishlash istagida bo‘lgan barcha tadbirkorlik sub’ektlarini hamkorlikka chorlaydi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati