Peshlavhalar davlat tili talablari asosida bo‘lishi kerak

25.08.2021

Mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini oshirish, lotin tiliga asoslangan o‘zbek yozuvini amalda qo‘llash borasida bir qancha samarali ishlar olib borilayotganligi hech kimga sir emas. Joylarda yozuvlar to‘liq holatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tiliga o‘tkazilayotganligi fikrimiz isbotidir.

Agar tashqi yozuvlar eng asosiy targ‘ibot vositasi ekanligini hisobga olsak, bu birinchi navbatda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatdir. Jumladan, jamoat transportidagi joy nomlari ko‘rsatgichlar davlat tili talablariga mos bo‘lishi bilan birga aniq manzillar ko‘rsatilishi shart.

Viloyat transport boshqarmasi tomonidan aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi avtobuslardagi joy nomlari tanqidiy – tahliliy o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanuvchi transport vositalarining aksariyatida joy nomlari Davlat standarti talablari asosida ko‘rsatilgan. Biroq, o‘rganish davomida ba’zi yo‘nalishlardagi avtobuslarda qo‘shimcha joy ko‘rsatgichlari aralash tillarda yozilganligi aniqlandi. Holat yuzasidan tashuvchi korxona rahbarlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Peshlavhalar davlat tili talablariga monand bo‘lishi yuzasidan tavsiyalar berildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati