Qaytim bilan bog‘liq muammoga duch kelmaslik uchun “ATTO”dan foydalaning

09.12.2022

SAMARKANDNEWS.UZ internet nashrida S.Abdurahmonovaning “Yo‘lkira 2000 so‘m bo‘lmasa, qaytim muammosi hal bo‘lmaydi” sarlavhasi ostida avtobuslardagi qaytim bilan bog‘liq muammolar haqidagi fikrlari chop etildi.

 

Mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

 

Samarqand viloyati hokimining 2019-yil 21-sentyabrdagi “Samarqand shahar yo‘lovchi tashish transportida yo‘lovchilar tashish tariflarini belgilash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanuvchi avtobuslarda yo‘l kira narxi 1400 so‘mni tashkil etadi.

 

Hurmatli yo‘lovchilar! Qaytim bilan bog‘liq holatlarga barham berish maqsadida Samarqand shahar jamoat transportida ATTO elektron to‘lov tizimi joriy qilingan. Buning afzallik jihatlari shundaki, endi siz “ATTO” yagona transport kartasi, Humo, Uzcard (yangisi), Viza, Mastercard hamda smartfonlar orqali (Play Marketdan “ATTO” ilovasini yuklab olib) yo‘l kira haqini to‘lash imkoniga egasiz. 

 

Agar Samarqand shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘l kira haqi uchun 1400 so‘mdan ko‘p talab qilishsa yoki qaytim o‘z vaqtida va to‘liq qaytarilmasa, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining 1159 qisqa raqamiga murojaat qiling.

 

Shuningdek, Samarqand viloyati transport boshqarmasining +998 66 233 31 38 ishonch telefoniga hamda +998 93 834 0110 telegram raqamiga ham murojaatingizni qoldirishingiz mumkin.

 

Hech bir murojaat e’tiborsiz qoldirilmaydi.

 

Viloyat transport boshqarmasi yo‘lovchilarga sifatli transport xizmati ko‘rsatilishi tarafdori. Jamoat transportidagi har qanday qoidabuzarliklar keskin qoralanadi. 

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati