“QISHLOQQA QACHON ZAMONAVIY AVTOBUS KELADI?”

05.02.2024

#Munosabat

Joriy yilning 1-fevral sanasida “Ishonch” gazetasida “QISHLOQQA QACHON ZAMONAVIY AVTOBUS KELADI?” sarlavhasi ostida murojaat chop etildi. Unda Kattaqo‘rg‘on shahrida istiqomat qiluvchi Ilhomiddin Rustamovning tumanlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi avtobuslarning “o‘z muddatini” o‘tab bo‘lganligi haqidagi fikrlari bayon etilgan.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida olis hududlarni viloyat markazi bog‘lovchi hamda tuman ichki yo‘nalishlarida harakatlanuvchi 211 ta avtobus, 102 ta mikroavtobus hamda 1701 ta Damas rusumli transport vositalari mavjud.

Yo‘nalishlarda aholiga transport xizmatini ko‘rsatuvchi avtobuslarning barchasi 2009-yildan keyingi davrlarda ishlab chiqarilgan. 2009 yilgacha, ya’ni yo‘lovchi tashishda foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-maydagi “Yo‘lovchilarni avtobusda tashish xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga asosan 2021-yil 1-yanvardan boshlab foydalanish muddati 15-yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish taqiqlandi.

Bugungi kunda viloyatda mavjud avtosaroylar harakat tarkibini yangilash, foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan avtobuslarni yangisiga almashtirish borasida tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi