Qisqartirilgan shahar avtobus yo‘nalishlari uchun shahar atrofi yo‘nalishlari tashkil etib borilmoqda

13.02.2025

#Munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda 9-sonli “Samarqand tumani markazi-Ipak yo‘li bozori” shahar avtobus yo‘nalishidagi avtobuslarning kecha, 11-fevral sanasida soat 15.00dan so‘ng to‘xtab qolganligi hamda M2-sonli “Vatanparvar mahallasi-Samarqand tumani shifoxonasi” shahar avtobus yo‘nalishidagi transport vositalarining Samarqand tumani markazigacha harakatlanmayotganligi yuzasidan murojaat tarqaldi.

Mazkur murojaat yuzasidan Samarqand viloyati transport boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:

Haqiqatan ham 11-fevral sanasida aksariyat shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanuvchi transport vositalari yoqilg‘i bilan bog‘liq muammo sabab yo‘nalishlarga chiqmasdan qoldi.

Joriy yilning 12-fevral sanasida avtobuslar yoqilg‘i bilan ta’minlanib, yo‘nalishlarga chiqarildi. Jumladan, 9-sonli yo‘nalishdagi avtobuslar ham.

Samarqand shahar jamoat transportida xizmat sifatini oshirish, avtokorxonalarni moliyaviy qo‘llab quvvatlash maqsadida, avtobus yo‘nalishlari bosqichma-bosqich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida Brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazib borilmoqda.

Joriy yilning 13-fevral holatiga 18 ta yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi tashuvchi korxonalar bilan tender tanlovlari asosida Brutto-shartnomasi imzolangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida” 482-sonli qarorida shahar yo‘nalishlari “shahar chetidan ko‘pi bilan 2 km chetga chiquvchi shaharda qatnovchi yo‘nalishlar”, deb ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida M2-sonli “Vatanparvar mahallasi-Gulobod qo‘rg‘oni” avtobus yo‘nalishi ham Brutto-shartnomasi asosida yangi tizimda aholiga xizmat ko‘rsatayotganligi sababli qisqartirildi hamda so‘ngi bekat Samarqand tumani shifoxonasi deb belgilandi.

Qisqartirilgan shahar avtobus yo‘nalishlari uchun shahar atrofi yo‘nalishlari tashkil etib borilmoqda.