Salondagi haroratni bir meyorda saqlash yuzasidan ko‘rsatma berildi

12.05.2025

#Munosabat

 

Joriy yilning 10-may sanasida facebook tarmog‘ida M12-sonli “Hazora ABB-Siyob ABB” shahar avtobus yo‘nalishidagi transport vositasi salonidagi sovitish tizimi ishlatilmaganligi yuzasidan fuqaro A.Abdullayeva murojaat qoldirgan.

 

Mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

 

Samarqand shahrida jamoat transportida xizmat sifatini oshirish maqsadida bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yo‘nalishlardagi avtobuslarning aksariyati yangi transport vositalariga almashtirildi. Hozirda yana yangi avtobuslar xarid qilish ishlari davom etmoqda. Biroq, e’tiborsizlik tufayli ba’zida jamoat transportidan norozilik holatlari uchrab turibdi.

 

Aynan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holat yuzasidan Samarqand shahrida avtobuslarda aholiga transport xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga qat’iy ko‘rsatma berildi. Salondagi havo harorati 26-27 darajaga yetganda, sovitish tizimi mavjud bo‘lgan taqdirda uni ishlatish yuzasidan barcha tashuvchilar vazifador etildi.

 

O‘z vaqtida jamoatchilik nazorati o‘rnatganligi uchun fuqaro A.Abdullayevaga minnatdorlik bildiramiz.