Samarkand&Самаркандцы guruhida joylashtirilgan murojaat yuzasidan munosabat

28.10.2021

Joriy yilning 27-oktabr sanasida telegram tarmogʼidagi Samarkand&Самаркандцы guruhida “Mobilniy reportyor” rukni ostida 27-shahar avtobus yoʼnalishida harakatlanuvchi, davlat raqami 30/105 TАА boʼlgan avtobus haydovchisining xatti-harakatlaridan norozi boʼlgan yoʼlovchining murojaati joylashtirilgan.

Mazkur murojaatni oʼrganish, jamoat transportida xizmat sifatini oshirish yuzasidan 27-shahar avtobus yoʼnalishida xizmat koʼrsatuvchi “Dilshodtransservis” masʼuliyati cheklangan jamiyatida avtobus haydovchilari oʼrtasida holat muhokama etildi.

Unda “Dilshodtransservis” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi А.Аxmedov soʼz olib, ushbu kunga qadar mazkur yoʼnalish yoʼlovchilarga imkon qadar sifatli xizmat qilib kelayotganligini, norozi ohangdagi murojaatlar boʼlmaganligini aytib oʼtdi. Biroq, ushbu holatni eʼtiborsiz qoldirish yoʼlovchilarga nisbatan hurmatsizlik boʼlishi taʼkidladi. Haydovchining uzoq yillik ish tajribasi, shu kunga qadar yoʼlovchilarga sifatli xizmat koʼrsatib kelayotganligini aytib, unga nisbatan ogohlantirish eʼlon qildi.

Muhokama chogʼida ushbu transport vositasi haydovchisi oʼz aybini tan olib, holat qaytarilmasligi, yana takrorlansa qonunchilikda belgilangan har qanday jazo olishga rozi ekanligi bildirdi.

“Dilshodtransservis” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbariyati mazkur holat yuzasidan barcha yoʼlovchilardan uzr soʼraydi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati