Samarqand shahridagi avtomobil yo‘llarida parkomatlar o‘rnatish bo‘yicha dastlabki qadam tashlandi

Samarqand shahridagi avtomobil yo‘llaridagi tirbandliklarning oldini olish, haydovchilar uchun qulay bo‘lgan parkomatlar qurish yuzasidan transport boshqarmasida dastlabki muloqot o‘tkazildi.
Unda viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i v.b. A.Ashurov hamda Germaniyaning WSA electronic GmbH & Co.KG kompaniyasining menejeri Olaf Blaurock qatnashib, transport tizimini tartibga solish va jozibadorligini oshirishda parkomatlarning o‘rni yuzasidan fikr almashishdi.
Har bir parkomat ilg‘or texnologiya, murakkab operatsiya va zamonaviy dizayn asosida qurilishi lozim. Avtotransport vositalarini markazlashtirilgan boshqarish va monitoring qilish bo‘yicha dasturiy yechim, shuningdek, adolatli bo‘lishi uchun real vaqt rejimida to‘xtash joyi to‘g‘risidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu texnologiya rivojlanayotgan yangi dunyodagi zamonaviy talabdir.
Bizning xizmatimiz to‘xtash joyini individual boshqarish konsepsiyasini ishlab chiqishdan boshlanadi. Maqsadimiz, nafaqat, mahsulotimizni sotish, balki ushbu sohada mutaxassislarni o‘qitish, ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat, dedi Olaf Blaurock muloqot chog‘ida.
Muloqot davomida boshqarma boshlig‘i v.b. A.Ashurov tomonidan Samarqand ko‘chlarida nafaqat parkomatlarni o‘rnatish, balki ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.
Tomonlar muloqot davomida Samarqand shahrida parkomatlarni quirsh yuzasidan fikr almashib, sohada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olishdi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati