SАMАRQАND VILOYATI TRАNSPORT BOShQАRMАSI BOShLIGʼI INАTILLА XАMRАEVNING HАYDOVChILАR VА YOʼLOVChILАRGА MUROJААTI

15.07.2021

Аssalom alaykum, muhtaram yurtdoshlar, aziz samarqandliklar!

Respublikamizda infeksiya yuqtirish holatlari kamayishi bilan davlatimiz rahbariyati tomonidan karantin cheklovlari biroz boʼlsa-da, yumshatilgan edi. Biroq, ushbu qarorni notoʼgʼri tushunish natijasida karantin qoidalariga amal qilmaslik holatlari koʼzga tashlana boshladi. Koʼchalarda, jamoat joylarida ijtimoiy masofa saqlamasdan niqobsiz yurish odat tusiga kirdi. Buning natijasida infeksiyani yuqtirish holatlari ortib borayotganligi tashvishli holatdir.

Infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin cheklovlari yana kuchaytirilib, bir qator cheklovlar joriy qilindi. Unga koʼra, endilikda jamoat transporti salonida yoʼlovchilarning sonini 50 foizga qisqartirish, transport vositasiga niqobsiz yoʼlovchini kiritmaslik, bosh va oxirgi bekatlarda transport vositalarini dezinfeksiyalash qatʼiy qilib belgilandi.
Jamoat transportida, temir yoʼl vokzali va aeroportda karantin qoidalariga amal qilinishini qatʼiy nazoratga olinishi, shu jumladan dezinfeksiya ishlarini muntazam ravishda yoʼlga qoʼyilishi boʼyicha talab qoʼyildi.

Respublika maxsus komissiyasi qarori ijrosini oʼz vaqtida hamda toʼlaqonli bajarish maqsadida transport boshqarmasi tomonidan viloyatda mavjud barcha avtosaroylarda tashuvchi korxonalar rahbarlari hamda haydovchilar oʼrtasida karantin qoidalariga jiddiy eʼtibor qaratish, avtobus salonida sunʼiy tirbandlikni yuzaga keltirmaslik, yoʼnalishli va yoʼnalishsiz taksilar belgilangan tartibda jihozlanishi, meʼyordan ortiq yoʼlovchi olmaslik, niqobsiz yoʼlovchilarni avtotransport vositasi saloniga kiritmaslik yuzasidan tushuntirish targʼibot ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birgalikda avtotransport vositalarini belgilangan vaqtlarda dezinfeksiyalashning naqadar muhimligi misollar tariqasida tushuntirilmoqda. Boshqarma inspektorlari tashuvchi korxona rahbarlari hamda haydovchilarni karantin qoidalarini buzish maʼmuriy jarimaga sababchi boʼlishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlarda, telekanallarda maʼlumot berib borilmoqda. Bundan koʼzlangan maqsad barchani birdek hushyorlikka chorlashdan iboratdir.


Hurmatli yoʼlovchi tashish faoliyati bilan shugʼullanuvchi haydovchilar!


Аvtotransport vositalarida yoʼlovchi tashish faoliyati bilan shugʼullanuvchi haydovchilar orasida karantin talablariga rioya qilmaslik holatlari vakolatli organlar tomonidan aniqlanganda Oʼzbekiston Respublikasi M.J.t.Kning 54-moddasiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʼttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa oʼttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʼlishi mumkin. Buni yodda tuting!


Shu oʼrinda barcha yoʼlovchilarga ham murojaat qilmoqchiman!


Hozirgi holatdan kelib chiqqan holda jamoat transportlarida ijtimoiy masofani saqlashingizni, tirband avtobuslarga chiqmasligingizni, harakat davomida tibbiy niqoblar va antiseptik vositalardan foylanishingizni soʼrab qolaman.


Hurmatli yoʼlovchi tashish faoliyati bilan shugʼullanuvchi haydovchilar hamda yoʼlovchilar!


Oʼzingiz va atrofdagilarning salomatligiga befarq boʼlmang! Dunyodagi barcha boyliklardan ustun boʼlgan sogʼligingizni asrang!