Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i I.Xamraevning avtotransport sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari hamda abituriyentlarga M U R O J A AT I

Assalom alaykum!
Hammamizga ma’lumki, 5 – 14 avgust kunlari barcha oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Kirish imtihonlarini talab darajasida o‘tkazish, uni shaffofligini ta’minlash borasida viloyatimizda ham keng qamrovli ishlar olib borildi.
Samarqand viloyatida 2021/2022 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun test sinovlari 5 ta hududga bo‘lingan holda stadionlarda o‘tkazilishi hammamizga ma’lum.
Jumladan, Samarqand shahar, Depo ko‘chasi, 79-uyda joylashgan Lokomotiv futbol stadioni, Sattepo maskani, Turkiston ko‘chasi, 105-uyda joylashgan 2-son boolalar va o‘smirlar sport maktabi stadioni, Kimyogarlar shaharchasi, Nurafshon mahallasida joylashgan Nurafshon futbol stadioni, Samarqand tumani, Rustam mahallasi, Rustam qishlog‘idagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi futbol maydoni hamda Jomboy tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi futbol maydonida.
Ushbu hududlarga abituriyentlarni o‘z vaqtida va tizimli tarzda olib borish uchun Samarqand shahrining 5 ta nuqtasida ertalab 4.30 dan 6.00 gacha maxsus avtobuslar tashkillashtirildi.
Bular Ishtixon, Qo‘shrabot, Payariq, Oqdaryo tumanlaridan imtihon topshiruvchi abituriyentlar uchun Motrid va Dahbed qo‘rg‘oni tutashgan hududda (xalq tilida Motrid aylanma harakati);
Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on (tuman va shahar) va Pastdarg‘omlik abituriyentlar uchun Pastdarg‘om tumani, Balxiyon mahallasi hududidagi sobiq Charxin YPX maskani;
Urgut, Toyloq tumanlaridan imtihon topshiruvchilar uchun Samarqand tumani, Chumchuqli qishlog‘i (M-39 Toyloq aylanma harakati);
Bulung‘ur, Jomboy tumanlaridan keluvchi abituriyentlar uchun Cho‘ponota massividagi sobiq YPX shtabida;
Nurobod va Samarqand tumanlaridan keluvchi abituriyentlar uchun Parranda fabrikasi yaqinidagi aylanma harakatida tashkillashtiriladi.
Shuningdek, kechki soat 21.00 dan 22.00 gacha bo‘lgan vaqtda abituriyentlarni yashash hududlariga qaytishlarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida sinov imtihonlari o‘tkaziladigan hududlardan tumanlarga belgilangan ta’rif asosida avtobuslar pullik qatnovni amalga oshiradi.
Har bir maxsus avtobus qaysi yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishi haqida yo‘l ko‘rsatgichiga ega. Ushbu avtobuslardan faqatgina abituriyentlar foydalanishi mumkin.
Avtobuslarning sanitariya qoidalariga rioya qilishi, yo‘lovchilar soni viloyat transport boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda inspektorlari tomonidan nazorat qilinadi.
Shuningdek, abituriyentlarga qo‘shimcha bir qator yengilliklar yaratish maqsadida 5 – 14 avgust kunlari shahar avtobus yo‘nalishlaridagi avtotransport vositalari test sinovlari bo‘ladigan sanada imtixonga borish va kelishda abituriyentlar uchun BЕPUL xizmat ko‘rsatadi. Buning uchun abituriyentning qo‘lida DTM ruxsatnomasi bo‘lsa kifoya. Ushbu hujjat shahar avtobus yo‘nalishlarida bepul foydalanish imkonini beradi. (Eslatma: bepul yurish imkoniyati faqatgina DTM ruxsatnomasida imtihon belgilangan sanada kuchga ega)
Hurmatli yoshlar! Davlatimiz rahbariyati tomonidan Siz yoshlarga keng qamrovli imkoniyatlar yaratilmoqda. Bundan to‘g‘ri foydalangan holda izlaning, o‘qing, o‘rganing. Yangi O‘zbekistonning ravnaq topishida o‘z hissangizni qo‘shing! Barchangizga omad tilayman. Har jihatdan oliy ma’lumotli bo‘lish faxri, talabalik yillari zavqi Sizga nasib qilsin! Unutmang, kelajak yoshlar qo‘lidadir.
Hurmati bilan I.Xamraev,
Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i