Samarqand viloyatida avtotransport sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar rahbarlari diqqatiga!

Samarqand viloyati transport boshqarmasi, Sizga shuni ma’lum qiladiki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi “Avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 399-sonli qaroriga asosan shunday tartib belgilanganki, unga muvofiq:
- yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning tashish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’ul rahbari, rahbar o‘rinbosari, transport bo‘limi rahbari va (yoki) harakat xavfsizligi mutaxassislariga nisbatan litsenziyalar olish uchun hujjatlar taqdim etish va avtomobil transportida tegishli tashishlarni amalga oshirish uchun har besh yilda attestatsiyadan o‘tish talablari bekor qilinadi;
- yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar xodimlarining bilimi, malaka darajasi va kasbiy mahorati malaka talablariga muvofiqligi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus dastur bo‘yicha ushbu xodimlarning kamida har uch yilda bir marta o‘z malakasini oshirganligi to‘g‘risida berilgan malaka sertifikatiga muvofiq aniqlanadi;
- yo‘lovchi va yuklarni avtomobil transportida tashish ushbu sohada kamida uch yil ish stajiga, avtomobil yoki texnik yo‘nalishda oliy kasbiy ma’lumotga va malaka sertifikatiga ega xodimi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
O`tkazilgan tahlillarga ko`ra, bugungi kunda yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar xodimlarining malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikati muddati tugaganligi yoki umuman yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Shu munosabat bilan qonunchilikda belgilangan talablar va shartlar ijrosini ta’minlash yuzasidan yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning javobgar xodimlarini Avtomobil transporti xodimlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida tashkil qilingan masofadan malaka oshirish o‘quv kurslarida o‘qitishlarni ta’minlash so‘raladi.
Masofaviy malaka oshirish kurslari www.avto-ilm.uz portalida tashkil etilgan.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni Avtomobil transporti xodimlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutining quyidagi telefon raqamlaridan olishingiz mumkin: (71) 231-12-67; +998 95-169-44-43; (95) 196-44-43. Faks/tel: (71) 231-12-68.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati