Samarqandda elektrobuslar harakati yo`lga qo`yiladi

30.11.2021

Samarqandda qulay transport tizimini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida doimiy ravishda xabar berib kelmoqdamiz. Bu borada “Simetra” xorijiy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi loyiha haqida ham ijtimoiy tarmoqlarda, matbuot anjumanlarida batafsil ma’lumotlar berildi. Uning o‘ziga xos-xususiyati shundaki, loyiha matematik hisob-kitoblar asosida ishlab chiqilgan. Unda transport tizimini tubdan isloh qilishda halaqit qiluvchi har bir kichik muammogacha e’tibor qaratilgan. Yangi yo‘nalishlar, avtobekatlar, avtoshohbekatlar – xullas barcha-barchasi loyihadan o‘rin olgan. Endigi navbat uni amalga oshirishda.

Ushbu loyihada albatta, millionlik shaharning hududiy tuzilishidan kelib chiqqan holda, avtotransport vositalari qatnovini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.

Jamoat transporti qatnovini yo‘lga qo‘yishda Samarqand shahrini “yashil shahar”ga aylantirish masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. Ya’ni, yo‘nalishlarda bosqichma-bosqich elektrobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bu borada ham birinchi qadam tashlandi.

Samarqand shahriga elektrobuslar olib kelish borasida dastlabki kelishuvga erishildi. Samarqand viloyati Investitsiyalar boshqarmasida qulay transport tizimini yaratishda elektrobuslarning harakatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari O.Xodjayev, transport boshqarmasi boshlig‘i I.Xamraev hamda sohaga aloqador mutasaddilar hamkorligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekiston Respublikasidagi vakili ishtirokida muhokama bo‘lib o‘tdi. Dastlab tomonlar o‘zaro shartlar yuzasidan fikr almashgan bo‘lsa, so‘ngra bevosita videoaloqa shaklida YeTTBning joylardagi tahlilchilari bilan muloqot uyushtirildi.

Unda O.Xodjayev va I.Xamraevlar tomonidan yevropalik mutaxassislarga Samarqand shahrida elektrobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish uchun olib borilayotgan ishlar, “Simetra” xorijiy korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha, yangi tashkil qilingan avtosaroy bo‘yicha ma’lumot berildi. Shu bilan birgalikda 2022-yilda elektrobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish naqadar muhim ekanligiga ham e’tibor qaratildi.

Yo‘lovchi oqimidan kelib chiqib tashkil qilinayotgan yo‘nalishlar, unda harakatlanuvchi elektrobuslarning texnik jihatdan qanday bo‘lishi kerakligi bo‘yicha ham so‘z yuritildi.

Yevropalik mutaxassislar o‘z navbatida loyiha bilan yaqindan tanishib chiqish istagi borligini, bundan tashqari holatni joyida o‘rganish maqsadida yaqin orada Samarqandga tashrif buyurishni rejalashtirganligini aytib o‘tishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, elektrobuslar uchun yangi avtosaroy Samarqand shahridagi sobiq 2531-avtojamlanma o‘rnida tashkil qilinadi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati