Samarqandda yana 30 ta yangi yo`nalish ochiladi

Hukumatimiz tomonidan jamoat transportini rivojlantirish, transport qatnovi yetib bormagan chekka hududlarda avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, viloyat markazini tuman markazlari, tuman markazlarini chekka hududlardagi qishloqlar bilan bog‘lash borasida yangi yo‘nalishlar ochilmoqda.
Jamoat transportini yanada rivojlantirish, norentabel (yo‘lovchilar oqimi past bo‘lgan yo‘nalishlar) avtobus yo‘nalishlaridan ko‘riladigan zararlarni qoplash, avtosaroylarda ma’nan eskirgan avtobuslarni yangilashda yengilliklar yaratish maqsadida yana bir qaror imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2021-yil 3-fevraldagi Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, hududlarda aholiga jamoat transportida xizmat ko‘rsatish sohasini yanada yaxshilish maqsadida 2021-yil 8-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hududlarda jamoat transporta faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 630-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Samarqand viloyatida 2021-2022-yillarda 30 yangi yo‘nalish ochilishi belgilangan.
Ushbu qaror ijrosi yuzasidan transport boshqarmasida viloyatda mavjud tashuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hududlarda jamoat transporta faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar hamda berilayotgan imkoniyatlar yo‘lovchi tashish foaliyati bilan shug‘ullanayotgan yuridik shaxslarga tushuntirib o‘tildi.
Qarorga ko‘ra, tijorat asosida yo‘lovchilar tashish xizmatini ko‘rsatadigan va bunga litsenziyasi bo‘lgan tashuvchilar tomonidan shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo avtobus yo‘nalishida ko‘riladigan zarar mikdori 30 foizgacha (30 foiz ham shu jumlaga kiradi) bo‘lgan yo‘nalish norentabel avtobus yo‘nalishi bo‘lib hisobga olinadi. (Toshkent shahri bundan mustasno) Norentabel avtobus yo‘nalishlaridan ko‘riladigan zararlar 2021-yilda - mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan, 2022-yildan boshlab - zarur mablag‘larni respublika va viloyatlar mahalliy budjetlari parametrlarida nazarda tutgan holda har oy yakuni bo‘yicha subsidiya ajratish yo‘li bilan qoplanishi nazarda tutilgan.
Tashuvchilarga norentabel yo‘nalishlar bo‘yicha subsidiya ajratish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari xuzurida tashkil etiladigan tashuvchilar tomonidan shahar atrofi va viloyat ichidagi shaharlararo norentabel avtobus yo‘nalishlaridan ko‘riladigan zararlarni qoplash bo‘yicha hududiy komissiyalarning qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda ishtirok etganlar ushbu qarorning mazmun-mohiyati, berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foylanish lozimligi yuzasidan fikr bildirishdi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati