Samarqandga 80 ta yangi avtobuslar kirib kelishi kutilayapti

08.09.2022

Keyingi vaqtlarda jamoat transporti bilan bog‘liq muammolar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kimdir bekatlarda uzoq to‘xtalishlardan shikoyat qilsa, yana kimdir qaytim bilan bog‘liq muammolardan so‘z yuritadi. Ba’zan avtobuslarning ichki va tashqi tomondan sanitar jihatlariga e’tibor qaratilmasligi, o‘rindiqlarning kirligi yoki umuman olib tashlanganligi ham e’tirozlarga sababchi bo‘lib qolmoqda.

 

“Tezkard” yoki “ATTO”?

 

Zarnews.uz saytida “Qaytim nega berilmayapti?” sarlavhasi ostida Samarqand shahar jamoat transportida elektron to‘lov tizimini ishlamasligi, qaytimlar o‘z vaqtida va to‘liq berilmayotganligi tahliliy tanqid qilindi.

 

Haqiqatan ham Samarqand shahar jamoat transportida tadbiq etilgan “Tezkard” elektron to‘lov tizimi o‘zini oqlamadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-noyabrdagi "Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashishda yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash hamda yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida joriy yilning iyul oyidan boshlab Samarqand shahar jamoat transportida (Avtobus va tramvay) “ATTO” elektron to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yildi. “ATTO”ning “Tezkard”dan farqi shundaki validatorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri avtobus salonidagi tayanch ustunlariga o‘rnatildi.

 

Bugungi kunda shahar yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi barcha avtobuslarda mazkur elektron to‘lov tizimidan foydalanish mumkin. Bunda yo‘lovchilarga Humo, O‘zkard (yangisi), Viza, Masterkard bank kartalari hamda ATTO elektron to‘lov kartalari orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.

 

Ma’nan va texnik eskirgan avtobuslar qachon yangilanadi?

 

Bugungi kunda shahar avtobus yo‘nalishlaridagi avtobuslarni yangilariga almashtirish maqsadida “Maroqand trans 777” MCHJ tomonidan bank kreditlari hisobiga 80 ta Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan King Long rusumli avtobuslar olib kelish rejalashtirilgan. Mazkur avtobuslar  joriy yilning oktabr oyida Samarqand shahriga kirib kelishi kutilayapti. Yana shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, ushbu avtobuslar aholining jamoat transportiga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, yo‘nalishlarga joylashtiriladi.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmat