Tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuv

Chekka hududlarda jamoat transportini yoʼlga qoʼyish, qishloq va ovullarni tuman markazlari bilan bogʼlashda avtobus qatnovini tashkil qilish borasidagi muammolarga barham berish hamda sohada tadbirkorlikni qoʼllab quvvatlash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrda “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 630-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga koʼra, tijorat asosida yoʼlovchilar tashish xizmatini koʼrsatadigan va bunga maxsus ruxsatnomasi (litsenziyasi) boʼlgan yuridik shaxslar tomonidan shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo avtobus yoʼnalishida koʼriladigan zarar miqdori 30 foizgacha (30 foiz ham shu jumlaga kiradi) boʼlgan yoʼnalish norentabel avtobus yoʼnalishi boʼlib hisobga olinadi.
Norentabel avtobus yoʼnalishlaridan koʼriladigan zararlar 2021-yilda — Qoraqalpogʼiston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlarining qoʼshimcha manbalari hisobidan, 2022-yildan boshlab — zarur mablagʼlarni Qoraqalpogʼiston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlari parametrlarida nazarda tutgan holda har oy yakuni boʼyicha subsidiya ajratish yoʼli bilan qoplanadi.
Tashuvchilarga norentabel yoʼnalishlar boʼyicha subsidiya ajratish Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan tashuvchilar tomonidan shahar atrofi va viloyat ichidagi shaharlararo norentabel avtobus yoʼnalishlaridan koʼriladigan zararlarni qoplash boʼyicha hududiy komissiyalarning qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Qarorni joylarda keng jamoatchilikka yetkazish, tadbirkorlar bilan bevosita uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni atroflicha hal qilish, bildirilgan takliflarni umumlashtirib, vakolatli organlarga taqdim qilish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Transport vazirining oʼrinbosari J.Choriev Samarqand viloyatidagi shahar atrofi, shaharlararo yoʼnalishlarda yoʼlovchilarga xizmat koʼrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlari rahbarlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda qarorning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuncha berish orqali unda tashuvchi korxonalarga berilayotgan imtiyozlardan toʼgʼri foydalanish naqadar muhim ekanligi aytib oʼtildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati