Talabgorlardan takliflar kelib tushmaganligi sababli yo‘nalishlar yopilgan

Joriy yilning 6-mart sanasida Zarnews.uz saytida Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati M.Hosilovaning so‘roviga viloyat transport boshqarmasi tomonidan to‘liq javob qaytarilmaganligi yuzasidan murojaati e’lon qilindi.
Birinchi navbatda jonkuyarligi uchun M.Hosilovaga minnatdorlik bildiramiz.
So‘lim shaharchasini markazning boshqa hududlari bilan bog‘lovchi 5-sonli “So‘lim shaharchasi-Siyob bozori” (2014-yil yopilgan) hamda 80-sonli “So‘lim shaharchasi-Temiryo‘l vokzali” shahar avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatuvchi (2016-yil yopilgan) avtobuslar o‘z sarf-xarajatlarini qoplamaganligi uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan to‘xtatilgan.
Yo‘nalish qayta-qayta tender tanlovlariga chiqarilishiga qaramasdan talabgorlardan takliflar kelib tushmaganligi sababli yopilgan.
Aholining talab va takliflaridan kelib chiqib, 2017-yilda 80-sonli “So‘lim shaharchasi-Temiryo‘l vokzali” yo‘nalishida mikroavtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi. Biroq, mikroavtobuslar harakati ham tez orada to‘xtab qolgan.
Xabaringiz bor, Samarqand shahrida jamoat transporti jozibadorligini oshirish, shahar hududlarini avtobuslar qatnovi bilan qamrab olish maqsadida xorijiy mutaxassislarni taklif etgan holda transport Bosh rejasi ishlab chiqildi. Mazkur transport Bosh rejasi ishlab chiqish jarayonida ishchi guruh tomonidan Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputatlariga hisobot berilgan va ularning takliflari inobatga olingan. Transport jozibadorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan Samarqand shahar transport Bosh rejasi 2023-yil 13-martda Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi tomonidan tasdiqlangan.
Aynan ushbu rejaga asosan So‘lim shaharchasi aholisini jamoat transporti bilan ta’minlash maqsadida 17-sonli shahar avtobus yo‘nalishida transport vositalari harakati yo‘lga qo‘yildi.
Samarqand shahar transport Bosh rejasidan o‘rin olgan 31-sonli “Dala hovli-Samarqand tumani shifoxonasi” shahar avtobus yo‘nalishi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yildagi “Avtomobil transporti to‘g‘risida” Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabr sanasidagi “O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida” qarori harakati tashkil etilgan. Boshqacha aytganda, mazkur yo‘nalishdagi transport vositalari Samarqand tumanida joylashgan “Sil kasalliklari shifoxonasi”ga qadar harakatlanar edi. Mazkur yo‘nalish shahar yo‘nalishi hisoblanganligi uchun qaror talablari ijrosi hamda O‘zbekiston respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida “Brutto-shertnoma” tizimiga o‘tkazilganligi sababli qisqartirildi.