Tashuvlarda ko`rilgan zarar qoplab beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 oktabrdagi “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 630-son qarorining ijrosi yuzasidan viloyat transport boshqarmasi tashabbusi bilan Samarqand shahrida yo‘lovchilarga transport xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarmaning moliya-xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i O.Eshmamatov qarorning mazmun-mohiyati, tashuvchi korxonalarga berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish mexanizmlarini tushuntirib o‘tdi. Xususan, qarorda belgilanganidek tijorat asosida yo‘lovchilar tashish xizmatini ko‘rsatadigan va bunga maxsus litsenziyasi bo‘lgan tashuvchilar tomonidan shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo avtobus yo‘nalishida ko‘riladigan zarar mikdori 30 foizgacha (30 foiz ham shu jumlaga kiradi) bo‘lgan yo‘nalish norentabel avtobus yo‘nalishi bo‘lib hisobga olinadi.
Norentabel avtobus yo‘nalishlaridan ko‘riladigan zararlar 2021 yilda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan, 2022 yildan boshlab — zarur mablag‘larni Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari parametrlarida nazarda tutgan holda har oy yakuni bo‘yicha subsidiya ajratish yo‘li bilan qoplanishi aytib o‘tildi.
Bunda yashirin iqtisodiyotdan qochish, kunlik pul tushum miqdorini banklar orqali kirim qilish, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, ehtiyot qismlarga sarflanayotgan xarajatlarni belgilangan tartibda ko‘rsatish orqali ko‘rilgan zarar miqlhdorini aniqlashga doir muhim masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati