Tender talab va shartlariga zid ravishda avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarilgan

Bugun, 9-yanvar kuni Zarnews.uz internet nashrida “Ayrim avtobuslarda o‘tirgichlar olib tashlanyapti, maqtalgan ATTO tizimi ishlamayapti” sarlavhasi ostida murojaat tarqaldi.
Murojaatda keltirilgan holatlat viloyat transport boshqarmasi Avtomobil tashuvlarini nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida “Suxrobtransservis” MCHJga tegishli 66 va 64-raqamli shahar avtobus yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalarida haqiqatan ham o‘rindiqlar yetishmaydi. Haydovchilardan izoh so‘ralganda “singan” degan javob bilan kifoyalanishdi. Biroq, o‘rindiqlar atayin olib tashlanganligi ko‘rinib turibdi. Demak, korxona rahbariyati tomonidan tender talab va shartlariga zid ravishda avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarilgan.
“Aziz avtoyo‘lovchi trans” MCHJga tegishli, 31-raqamli shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobuslarda o‘rindiqlar yetishmasligi bilan bir qatorda elektron to‘lov uchun mo‘ljallangan validatorlar ham inson omili aralashuvi natijasida o‘chirib qo‘yilgan. Bundan mazkur tadbirkorlik sub’ekti tomonidan yo‘lovchilarga yaratilgan qulayliklar ongli ravishda yo‘q qilingan.
Viloyat transport boshqarmasi “Suxrobtransservis” hamda “Aziz avtoyo‘lovchi trans” MCHJlardan holatga rasmiy izoh berishlarini so‘raydi.
Shuningdek, Samarqand shahrida yo‘lovchilarga avtobuslarda xizmat ko‘rsatuvchi barcha avtokorxonalar rahbarlaridan tender talab va shartlariga to‘liq rioya qilgan holda tashuvlarni amalga oshirishlari, elektron to‘lov uchun o‘rnatilgan validatorlarning uzluksiz ravishda ishlashini ta’minlashlari talab etiladi. Aks holda vakolatli organlar bilan hamkorlikda qonunda belgilangan tarzda choralar ko‘riladi.
Shahar jamoat transportida o‘rganish ishlari davom etadi.
Samarqand viloayti transport boshqarmasi Axborot xizmati