Transport vazirligi sohada maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi

25.10.2021

Shu kunga qadar mamlakatimizda transport faoliyatini tartibga soluvchi alohida Oʼzbekiston Respublikasining “Аvtomobilь transporti toʼgʼrisida”, “Temir yoʼl transporti toʼgʼrisida”gi qonunlar, Havo kodeksi va boshqa koʼplab qonun hujjatlari mavjud boʼlganligini, biroq barcha turdagi transportlarning optimal, muvozanatlashgan va uygʼunlashgan oʼzaro aloqasini taʼminlaydigan, samarali logistika tizimi, aralash tashishlarni kengaytirish orqali yagona transport tarmogʼiga integratsiya qilish mezonlarini belgilaydigan yagona qonun mavjud emas edi.

Endilikda avtomobilь, havo, temir yoʼl, suv, elektr transporti, metropoliten va transport infratuzilmasi obʼektlari Oʼzbekistonning yagona transport tizimini tashkil etadi. Bu haqda joriy yilning 9-avgust kuni Prezident tomonidan imzolangan “Transport toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasining Qonunida belgilab qoʼyilgan.

Ushbu Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 3-martda qabul qilingach, Senat tomonidan 2021-yil 29-mayda maʼqullangan.

Transport vazirligi sohada maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Mazkur Qonun bilan keng jamoatchilikni tanishtirish, unda belgilangan vazifalar haqida tushuncha berish maqsadida transport boshqarmasida Samarqand viloyatida mavjud yoʼlovchi tashish sohasida faoliyati olib borayotgan tadbirkorlik subʼektlari ishtirokida kengaytirilgan yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Yigʼilishda Oʼzbekiston Respublikasining “Transport toʼgʼrisida”gi Qonunining mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berildi.

Yangi qabul qilingan qonunda muqaddam milliy qonun hujjatlarida mavjud boʼlmagan yangi tushunchalar keltirilgan, yaʼni, “aralash tashishlar operatori”, “tashishlar xavfsizligi”, “transport xavfsizligi”, “transport infratuzilmasi obʼektlari”, “transport yoʼlagi” va boshqalar.

Shuningdek, qonunda transport faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, transport sohasida davlat nazorati, transport faoliyatini litsenziyalash, transport vositalarini sertifikatlash va transport tariflari masalalari yoritib berilgan.

Qonunga koʼra, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transportlarni Oʼzbekistonga olib kirish, ishlab chiqarish, sotish yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, davlat chegarasi orqali oʼtkazish punktlarida yuklarni tranzit olib oʼtish chogʼida tranzit yuklar va hujjatlarni identifikatsiya qilinishi, Oʼzbekistonda tovarlar va transport vositalariga nisbatan bajariladigan operatsiyalardan kelib chiqqan holda xalqaro va hududiy transport-logistika markazlari tashkil etilishi, transport-logistika markazlari ularga har qanday turdagi transportda kirib kelayotgan hamda olib chiqilayotgan yuklarni omborga joylashtirish, saqlash, ularga ishlov berish, qayta ishlash, qadoqlash va taqsimlash kabi masalalarda aniq amalga oshirilishi lozim boʼlgan vazifalar aniq koʼrsatib berilgan.

Qonunga koʼra, vakolatli organlar vokzalda, aerovokzalda, aeroportda, metropolitenda va avtostantsiyaga kirish joyida transport vositasini, bagajni, yuk bagajini va yukni, yoʼlovchilarni va boshqa shaxslarni koʼzdan kechirishdan oʼtkazishi mumkin.

Mazkur qonun 9 ta bob, 45 ta moddadan iborat boʼlib, qonunda transport tashkilotlari, yuk joʼnatuvchilar, yuk qabul qiluvchilar, yoʼlovchilar oʼrtasida qatnovlarning har bir turida, asosan aralash qatnovlarda tashish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslari belgilangan.

Ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida amaldagi qonun hujjatlari normalarini Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining transport sohasidagi hujjatlaridan kelib chiqadigan talablariga muvofiqlashtirishga, shu jumladan, qonunchilikdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga, transport faoliyatini, shu jumladan aralash tashishlarni amalga oshirishda transport tashkilotlari va ularning xizmatlaridan foydalanuvchilarning oʼzaro hamkorligi huquqiy asoslarini yaratishga, milliy transport tizimining xalqaro transport-logistika tizimiga integratsiyalash jarayonlarini chuqurlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida transport sohasidagi Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining ushbu sohadagi xalqaro-huquqiy baza bilan uygʼunlashtirishga muvofiq boʼladi.

Shu bilan birgalikda transportda tashishning barcha turlarini barqaror rivojlantirish, ularning hammabopligi va sifatini oshirishga, yoʼlovchi va yuk tashish xalqaro bozorida milliy transport tizimining raqobatbardoshligini taʼminlashga, respublika hududi boʼylab barcha turdagi tashishlarni amalga oshirishda raqobat muhitini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga erishiladi.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʼtgach kuchga kiradi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati