Tumanlarda jamoat transporti qamrovi muhokama qilindi


Samarqand viloyati transport boshqarmasida ijro intizomini mustahkamlash hamda yo‘lovchi tashish transporti tizimini tartibga solish yuzasidan tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida tizimli hal qilish, chekka hududlarni jamoat transporti bilan ta’minlash ishlariga yetarlicha e’tibor berilmaganligi, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan aholiga transport xizmatini ko‘rsatish holatlarining ortib borishi natijasida avtobus qatnovining kamayib borayotganligi tanqid ostiga olindi.
Boshqarmaning ijro apparati xodimlari qatnashgan ushbu yig‘ilishda tizimda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qilish, kelib tushayotgan har bir murojaatni belgilangan vaqtlardan kechiktirmay, vijdonan yondashgan holda ijro etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Har bir berilgan topshiriq, kelib tushayotgan murojaatlar bevosita joyiga borgan holda o‘rganilishi hamda o‘z vaqtida javob qaytarilishi shart ekanligi belgilandi.
Shuningdek, tumanlarda aholiga transport xizmatini ko‘rsatishda sifat darajasining pastligi, e’tibor sustligi ortidan avtobuslar qatnovining yo‘qolib borayotganligi muhokama qilindi. Avtokorxonalar bilan birgalikda ishlarni tashkillashtirish orqali transport jozibadorligini oshirish davr talabi ekanligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda viloyat miqyosida mavjud avtoboshbekatlarning bugungi holatini o‘rganish, ularda belgilangan talablar asosida ish yuritilishini ta’minlash, hududda obodonlashtirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratish ishlari sust ekanligi tanqid qilindi. Mavjud muammolarni bartaraf qilish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalarni bartaraf qilish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati