Umumta’lim maktablarida “Diqqat, piyoda!”, “Diqqat, bolalar!” mavzusida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi

Samarqand shahar Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 35-sonli umumta’lim maktabi hamda 37-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining o‘quvchilari o‘rtasida jamoat transportidan foydalanganda, avtomobil yo‘llarida harakatlanganda amal qilinishi lozim bo‘lgan qoidalar yuzasidan o‘quv mashg‘uloti olib borildi.
Unda o‘quvchilarga viloyat transport boshqarmasi inspektorlari tomonidan maktabga kelish yoki ketish davomida avtobus va tramvaylardan foydalanish qoidalari, jamoat transporti salonidagi jihozlarga zarar yetkazmaslik, avtomobil yo‘llarini kesib o‘tishda harakat xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi misollar tariqasida tushuntirildi.
Shuningdek, mashg‘ulot davomida avtomobil yo‘llarida svetofor chiroqlari ishorasiga yoki boshqa tartibga soluvchi belgilarga jiddiy rioya qilish kerakligi, piyodalar yo‘lakchasi orqali harakatlanish muhimligi ta‘kidlandi. Ayniqsa, avtomobil yo‘llarini kesib o‘tishda mobil aloqa vositalaridan foydalanishning ayanchli oqibatlari haqida batafsil tushuncha berildi.
Piyoda yoki transport vositasida harakatlanayotgan har bir fuqaro yo‘l harakati xavfsizligiga ma’sul ekanligi ta’kidlandi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati