Validatorning ishlamasligi kim uchun foydali?

09.08.2021

“Tezcard” - elektron to‘lov tizimi. Naqd pulsiz hamda xavfsiz to‘lov tizimi sifatida joriy qilingan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad jamoat transportida zamonaviy, elektron to‘lov tizimini joriy qilish bilan birga qaytim bilan bog‘liq muammolarga o‘rin qoldirmaslik. Ammo, gohida texnik sabablarga ko‘ra, gohida ongli ravishda ushbu tizimda muammolar paydo bo‘lmoqda. Viloyat transport boshqarmasi xodimlari tomonidan takror va takror targ‘ibot ishlari olib borilishiga qaramasdan jamoat transportida avtokorxonalar rahbarlari tomonidan hali-hanuz to‘liq elektron to‘lov tizimi joriy qilinmagan.

 O‘tkazilgan kuzatuvlarga ko‘ra, shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanayotgan transport vositalarining 20 foizida validatorlar yo‘q bo‘lsa, yana 10 foizida haydovchilar tomonidan, turli xil sabablar ko‘ra, yashirib qo‘yilgan. Aslida validator hamda yo‘l kira uchun beriladigan patta barcha yo‘lovchilarga ko‘rinadigan joyda bo‘lishi kerak emasmi?

Bugungi o‘tkazilgan nazorat tadbirida “Aziz avto yo‘lovchi trans” MCHJga qarashli 31-yo‘nalishdagi, “Suxrobtransservis” MCHJga qarashli 9 – raqamli, “Sher” MCHJga qarashli 99 – raqamli yo‘nalishda, “Aziz Hilola avto trans” MCHJga qarashli 24 – raqamli, “Mavlonali presstij servis” MCHJga qarashli 13 – raqamli yo‘nalishlardagi avtobuslarda validatorlarning yo‘qligi aniqlandi.

Holatga haydovchilardan izoh so‘ralganda, ba’zilari validatorlarning quvvati tugaganligini, ba’zilari avtokorxona rahbariyati tomonidan umuman berilmaganligini, buning uchun “Tezcard” elektron to‘lovchi foydalanuvchilaridan yo‘l haqi talab qilishmayotganligini aytishdi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Xo‘sh, validatorning ishlamasligi kim uchun foydali?

Jamoat transportida elektron to‘lov tizimidagi muammolar yakun topmas ekan, yashirin iqtisodiyot rivojlanib, raqamlashtirish masalalari oqsoqlashib boraveradi.

Yo‘l haqi uchun to‘lanmagan pullar korxonaning rivojiga to‘siq bo‘lishi haqida avtokorxonalar rahbarlari o‘ylab ko‘rishdimikan yoki elektron to‘lov kartalari sohiblaridan naqd pul talab qilinayaptimi?

Mavzuga albatta, qaytamiz.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati