Viloyat transport boshqarmasi yo‘lovchilarga sifatli transport xizmati ko‘rsatilishi tarafdori

15.07.2022

Joriy yilning 14-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda 31-“Sil kasalliklari shifoxonasi - Samarqand avtoboshbekati” shahar avtobus yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi, “Aziz-avtoyo‘lovchitrans” MCHJga tegishli, davlat raqami 30/907 FBA bo‘lgan transport vositasi haydovchisi tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzganligi hamda yo‘lovchiga qilingan qo‘pollik yuzasidan murojaat tarqaldi.

 

Holat viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari tomonidan o‘rganildi. Haydovchi bilan alohida suhbat o‘tkazilib, jamoat transporti haydovchisining majburiyatlari, unga qo‘yilgan talablar birma-bir tushuntirildi. Yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilish, yo‘lovchilarning hayotini xavf ostida qoldirmaslik, ular bilan samimiy munosabatda bo‘lish, quvib o‘tish qoidalarini buzmaslik yuzasidan tushuntirish berildi.

 

“Aziz-avtoyo‘lovchitrans” MCHJ rahbariyati vaziyatni to‘g‘ri baholab, kelgusida shu kabi qoidabuzarliklar takrorlanishining oldini olish maqsadida haydovchi S.F.ga intizomiy jazo chorasi qo‘lladi. Yuqoridagi kabi holat takrorlangan taqdirda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi belgilab qo‘yildi.

 

 

Viloyat transport boshqarmasi yo‘lovchilarga sifatli transport xizmati ko‘rsatilishi tarafdori. Jamoat transporti haydovchilari tomonidan yo‘l qo‘yilgan har qanday qoidabuzarliklarni keskin qoralaydi.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati