Viloyatdagi avtomobil transportida yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi avtotransport korxonalari rahbarlari DIQQATIGA!

01.07.2022

 

O‘zbekiston Respublikasining tegishli normativ-huquqiy hujjatlariga asosan yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar xodimlarining bilimi, malaka darajasi va kasbiy mahorati malaka talablariga muvofiqligi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus dastur bo‘yicha ushbu xodimlarning kamida har uch yilda bir marta o‘z malakasini oshirganligi to‘g‘risida berilgan malaka sertifikatiga muvofiq aniqlanishi hamda yo‘lovchi va yuklarni avtomobil transportida tashish ushbu sohada kamida uch yil ish stajiga, avtomobil yoki texnik yo‘nalishda oliy kasbiy ma'lumotga va malaka sertifikatiga ega xodimi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

 Mazkur normativ hujjatlarning ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yil 11-iyul kunidan malaka sertifikatiga ega xodimi mavjud bo‘lmagan va sertifikatining amal qilish muddati tugagan yuridik shaxslar tomonidan litsenziya va litsenziya varaqalarini rasmiylashtirib olish imkoniyatlari tizim orqali cheklanishini bildiramiz.

 Yuqoridagilarni inobatga olib avtotransport sohasida faoliyat yuritayotgan barcha avtokorxonalar rahbarlariga “Avtomobil transporti xodimlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash” institutida ro‘yxatdan o‘tishlarini yoki xodimlarini malaka sertifikati bilan ta'minlashlari shartligi yuzasidan ogohlantiramiz. Aks holda, malaka sertifikatlari bo'lmagan yuridik shaxslar uchun litsenziya va litsenziya varaqalarini olish imkoniyatlari cheklanishini ma`lum qilamiz.

 

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati