Xalqning roziligi eng oliy mukofot ekanligini unutmaylik!

07.01.2023
O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi xabariga ko‘ra, 9-18-yanvar kunlari Respublika hududida havo harorati keskin sovushi kuzatiladi. Ushbu kunlarda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalarini tayyor holatga keltirish, yo‘nalishlarda avtobus va mikroavtobuslarning muntazam harakatlanishini ta‘minlash maqsadida viloyat transport boshqarmasida sohaga aloqador vakolatli organlar hamda tashuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Karjavov: oldimizda yana bir katta sinov turibdi. Ushbu sinovli kunlarda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish bizning zimmamizdagi vazifadir. Har bir tashuvchi korxona rahbari buni o‘z jismida his qilishi lozim. O‘z tasarrufida bo‘lgan transport vositalarini qayta ko‘zdan kechirib, barcha zaruriy choralarni ko‘rishi shart. Yo‘nalishlarda avtobuslar harakatini uzluksiz ta’minlash asosiy vazifamiz ekanligini yodda tuting.
Barchamiz bir maqsadda, ya’ni aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lida harakat qilsak ko‘zlangan natijaga erishamiz. Xalqning roziligi eng oliy mukofot ekanligini unutmaylik!
Samarqand viloyat IIB JXX TNB katta inspektori, kapitan M.Tog‘aev: kunlar soviy boshlashi bilan yo‘llarda muzlamalar kelib chiqadi. Har bir haydovchi bilan harakat, texnika, yongin xavfsizligi bo‘yicha tegishli yo‘riqnomalar o‘tkazish muhim vazifadir. Avtobuslarning texnik jihatlariga qat’iy etibor qarating. Haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda harakatlanish lozim. Chunki, zimmangizda ulkan mas’uliyat turibdi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huqularini rivojlantirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Saidov: Xabaringiz bor, boshqarmamiz hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda yo‘l kira narxlari yuzasidan nazorat tadbirlari olib bormoqda. Avtotransport vositasida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi barcha tashuvchilarga bitta ham iltimos, ham talabim bor. Yo‘l kira narxini barqaror ushlang. Sun’iy ravishda narxlarni oshirish holatlari qayd etilsa, qonunda belgilangan tartibda ish yuritiladi.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi transport boshqarmasi, IIB JXX YHXB hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huqularini rivojlantirish boshqarmasi xodimlari tomonidan nazorat qilib boriladi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati