Xizmat sifatini oshirish muhim masala

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda jamoat transporti bilan bog‘liq muammolar tez-tez yoritila boshladi. E’tirozlar asosan o‘rindiqlarning olib tashlanishi, avtobuslarning ichki va tashqi jihatdan antisanitar holatdaligi, joy ko‘rsatgich nomlari – trafaretlarning davlat standartiga to‘g‘ri kelmasligi, haydovchi yoki konduktorlarning qo‘pollik qilishlaridan iborat.
Kelib chiqayotgan muammolarga yechim topish, jamoat transporti harakati muntazamligini ta’minlash, eng asosiysi, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishini tashkil qilish maqsadida Samarqand viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh.Temirov avtotransport sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari bilan uchrashdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda yo‘lovchi tashish sohasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularning yechimiga e’tibor qaratildi. Avtokorxona rahbarlaridan o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi, har bir haydovchi bilan alohida suhbat olib borilishi lozimligi aytib o‘tildi. Chunki ushbu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektining asosiy daromad manbai yo‘lovchilar bilan bog‘liq. Demakki, sohada yo‘lovchining o‘rni muhim. Shuning uchun ular bilan samimiy munosabatda bo‘lish avtokorxona rahbariyati va haydovchilarning birinchi navbatdagi vazifasi ekanligi misollar tariqasida asoslab berildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati