Xodimlar kamida har uch yilda bir marta o‘z malakasini oshirganligi to‘g‘risida berilgan malaka sertifikatiga muvofiq aniqlanadi

Samarqand viloyati transport boshqarmasida sohadagi yangiliklarni keng jamoatchilik e`tiboriga etkazish maqsadida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida” Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorining mazmun-mohiyati yo`lovchilarga xizmat ko`rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlari rahbarlariga yana bir bor tushuntirib o`tildi.
2021-yil 12-oktabrida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, ayrim litsenziyalanadigan faoliyat turlari bilan ruxsatnoma va xabardor qilish orqali shug‘ullanishga ruxsat berilganligi munosabati bilan bir qator qonunlarda litsenziya talabi bekor qilindi.
Shunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga xabardor qilish yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat bilan xabarnoma yubormasdan yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz shug‘ullanish juda ko‘p miqdorda daromad olish bilan bog‘liq bo‘lganida jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishiga oid javobgarlik kiritildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ham mazkur harakatlar uchun javobgarlik choralari belgilandi.
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarining yangi turlarini joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkaziladi.
2021-yil 29-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, endilikda yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning tashish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’ul rahbari, rahbar o‘rinbosari, transport bo‘limi rahbari va harakat xavfsizligi mutaxassislariga nisbatan litsenziyalar olish uchun hujjatlar taqdim etish va avtomobil transportida tegishli tashishlarni amalga oshirish uchun har besh yilda attestatsiyadan o‘tish talablari bekor qilindi.
Yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar xodimlarining bilimi, malaka darajasi va kasbiy mahorati malaka talablariga muvofiqligi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus dastur bo‘yicha ushbu xodimlarning kamida har uch yilda bir marta o‘z malakasini oshirganligi to‘g‘risida berilgan malaka sertifikatiga muvofiq aniqlanadi.
Yo‘lovchi va yuklarni avtomobil transportida tashish ushbu sohada kamida uch yil ish stajiga, avtomobil yoki texnik yo‘nalishda oliy kasbiy ma’lumotga va malaka sertifikatiga ega xodimi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Avtomobil yoki texnik yo‘nalishda oliy kasbiy ma’lumotga ega bo‘lish sharti maxsus uskuna bilan jihozlangan avtotransport vositasida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni tashish va kommunal xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarning xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bundan tashqari, yig`ilishda yo‘nalishli va yo`nalishsiz taksilarda litsenziya talab va shartlariga rioya qilmaslik holatlari, tozalikka e’tibor qaratmaslik, buning natijasida yo‘lovchilarning e’tirozlari ortib borayotganligi muhokama qilindi.
Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni tez orada bartaraf etish, yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilarga qo‘yilgan talablarni bajarish uchun avtokorxona rahbarlari vazifador qilindi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati