Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin

Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish sohasini soddalashtirish, maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021-yil 7-mayda “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi.
Qarorga asosan jismoniy shaxslar quyidagi talablar asosida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
Yo‘lovchilarni haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega bo‘lgan yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati litsenziya varaqasiga asosan amalga oshiriladi. 21 yoshga to‘lgan va boshqaruvida arizani berish vaqtida 10 yildan ortiq bo‘lmagan vaqt davomida ekspluatatsiya qilinayotgan avtomobil transporti mavjud bo‘lgan jismoniy shaxslar litsenziya varaqasini «Litsenziya» axborot tizimi orqali olishi mumkin.
Yakka tartibdagi tashuvchilar uchun avtomobil transportining tepasiga «TAXI» tanish belgili to‘q sariq rangli fonar o‘rnatish, to‘lovni amalga oshirish, shuningdek, bosib o‘tilgan yo‘lni elektron tarzda qayd etish imkoniyatini beruvchi maxsus ilovalarga ega moslamalar (shu jumladan uyali telefonlar, planshetlar) bo‘lishi, avtomobil transportining priborlar panelida avtomobil transportining davlat raqami, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi hujjat (yoki ushbu faoliyat turini amalga oshirish uchun litsenziya/litsenziya varaqasi) va haydovchining telefon raqami ko‘rsatilgan ma’lumotlar tablichkasi mavjud bo‘lishi kabi talablar joriy etiladi.
Ushbu qarorning mazmun – mohiyatini keng ommaga yetkazish maqsadida viloyat transport boshqarmasi hamda viloyat Davlat soliq inspeksiyasi boshqarmasi xodimlari hamkorlikda joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishmoqda. Xususan, Jomboy tumanida aholi gavjum joylarda, avto to‘xtash maydonchalarida qarorda nazarda tutilgan muhim jihatlar to‘g‘risida haydovchilarga tushunchalar berildi.