Yangi avtobuslar - yangi yo‘nalishlarda

22.11.2022
 
Samarqand shahrida jamoat transportining jozibadorligini oshirish, xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida zamonaviy avtobuslar olib kelinishi haqida ma‘lumotlar berib keldik.

Bu borada birinchi qadam tashlanib, “Maroqand trans 777” MCHJ tomonidan dastlabki 20 ta avtobus olib kelindi.

Ahamiyatlisi ertaga, 23-noyabrdan boshlab ushbu avtobuslar sinov tariqasida Samarqand shahar jamoat transportining master rejasida belgilangan yo‘nalishlarga chiqariladi. Ushbu yo‘nalishlar bilan quyida tanishishingiz mumkin.
 
Shu o‘rinda eslatib o‘tmoqchimiz. Mazkur avtobuslarda vaqtinchalik elektron to‘lov tizimidan foydalanish imkoni yo‘q. Bu kamchilik tez orada bartaraf etiladi. Hozirda validatorlar uchun buyurtma berilgan bo‘lib, yaqin kunlarda olib kelinishi kutilmoqda. Holatni to‘g‘ri qabul qilishlaringizni xohlardik.
M 1 -raqamli “Temiryo‘l vokzali - Samarqand xalqaro aeroporti shahar avtobus yo‘nalishi. Ushbu yo‘nalish Samarqand temiryo‘l vokzalini “Abu Rayhon Beruniy”, “Mirzo Ulug‘bek”, Bo‘stonsaroy, “Ibn Sino” nomli ko‘chalar orqali Samarqand xalqaro aeroporti bilan bog‘laydi.
 
 
M 3 - raqamli “Do‘stlik mahallasi - Boqiy shahar” shahar avtobus yo‘nalishi. Ushbu yo‘nalish Do‘stlik MFYdan boshlanib, “Boqiy shahar”gacha bo‘lgan masofani qamrab oladi. Bunda avtobuslar “Spitamen” shoh, “Mirzo Ulug‘bek”, Bo‘stonsaroy, Universitet xiyoboni, Registon, Panjakent, Shabod, usta Umar Jo‘raqulov nomli ko‘chalar orqali “Boqiy shahar”da yo‘nalishni yakunlaydi.

 
30- raqamli “Toshkent” MFY - Yangiobod qo‘rg‘oni – Qorasuv massivi” shahar avtobus yo‘nalishi. Mazkur yo‘nalish “Toshkent” mahallasini Shabod, “usta Umar Jo‘raqulov”, Shohi Zinda, Rudakiy, Motrid, Yangiobod, O‘zbekkenti ko‘chalari orqali Qorasuv massivi bilan bog‘laydi.
 
Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati