Yangi markaz jamoat transportini nazorat qiladi

30.11.2023

 So‘nggi yillarda viloyatimiz jamoat transporti aholi talabini qondirishda oqsoqlanib kelayotgan edi. Qatnov muntazamligiga, harakat xavfsizligi va sifat talablariga rioya etilmasligi ko‘pchilikda norozilik o‘yg‘otgandi. Ayniqsa, yo‘lkira haqining tabaqalashgan tariflarining yo‘qligi jamoat transporti jozibadorligini pasaytirib yuborgandi. Sohada tub burilish yasash, harakat tarkibini zamon talablariga mos keluvchi transport vositalari bilan yangilash, tizimda raqamlashtirishni joriy etish kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanligi yaqqol namoyon bo‘ldi.

 Tizimda yig‘ilib qolgan muammolarga barham berish, sohada keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish borasida Davlatimiz rahbari tomonidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

 Jumladan, Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida viloyatimiz jamoat transportida aholiga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan yangilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 Xalq deputatlari viloyat Kengashi 6-chaqiriq, 82-sessiyasida Samarqand viloyati transport boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan “Samarqand shahrining yangi aglomeratsiyasi bo‘yicha ishlab chiqilgan transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejasi va uni amalga oshirish bo‘yicha manzilli dastur” ma’qullandi.

 Dastur asosida takrorlanuvchi yo‘nalishlarga barham berish maqsadida yangi yo‘nalishlar tarmog‘i shakllantirildi. O‘nta magistral va 33 ta yetkazib beruvchi yo‘nalishlarni bosqichma-bosqich brutto-shartnomaga o‘tkazish grafigi ishlab-chiqildi. Yo‘nalish ko‘rsatkichlari bajarilishini monitoring qiluvchi va baholovchi tizimni joriy etish, har bir yo‘nalishning boshlang‘ich narxi tasdiqlandi.

 Yangi tashkil etilgan “Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” markazi mazkur yo‘nalishlarni monitoring qilish, ish hajmini aniqlab, baholash, yo‘lkiralar va xizmatlar sifatini nazorat qilib boradi. Ushbu markaz faoliyatini olib borishi uchun boshqarma binosidan alohida xona ajratilib, zaruriy texnika vositalari bilan jihozlanmoqda.

 “Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” markazi har bir avtobus harakatini GPS trekerlari orqali onlayn kuzatib boradi. Bunda harakat tarkibi, ish jadvaliga, oraliq intervalga to‘liq amal qilish, yo‘nalish chizmasi asosida harakatlanishi, ortiqcha to‘xtalishlarsiz xizmat ko‘rsatish kabi holatlar nazoratga olinadi. Shuningdek, nazoratchilar guruhi tomonidan bevosita yo‘nalishlarga chiqqan holda yo‘lkira haqi to‘lanishini va xizmatlar sifatini, ya’ni avtobusning sanitar holati, haydovchining tashqi ko‘rinishi, muomalasi o‘rganib boriladi. Shuningdek, markaz tavsiyasi asosida yo‘lovchi tashuvchi korxonalarga jarima ballari yoki rag‘batlantirish choralari ko‘rib boriladi.